Sunnatilla Abdullajonov: “Xursandman, tezroq chempionat boshlanishini kutyapman”

Kuni kecha iqtidorli futbolchi Sunnatilla Abdullajonov bilan shartnoma imzolangani toʻgʻrisida xabar berib oʻtgandik. Bu yil 28 yoshni qarshilaydigan yarim himoyachi endilikda bor eʼtiborini “Andijon”ga qaratgan. Futbolchi klub matbuot xizmatiga intervyu berdi.

  • Sunnatilla, “Andijon” klubiga xush kelibsiz! Shartnoma imzolangach, qanday hissiyotlarni kechirmoqdasiz?
  • Assalomu alaykum! Avvalo, jamoa rahbariyatiga hamda murabbiylar shtabiga menga ishonch bildirib, jamoaga taklif qilishgani uchun rahmat aytmoqchiman. Shartnoma imzolaganimdan keyin hissiyotlar zoʻr, albatta xursandman. Oldimizda yangi mavsumga tayyorgarlikni davom ettirish uchun oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari bor. Mashgʻulotlarni yaxshi oʻtkazib, tezroq chempionat boshlanishini kutyapman. Xudo xohlasa, yangi mavsumda muxlislarni albatta xursand qilamiz.
  • Bu taklif sizga koʻproq nimasi bilan yoqdi?
  • “Andijon” klubi begona boʻlmaganligi uchun uning muxlislarini yaxshi bilamiz. Oʻyinlar chogʻida stadionda qanaqa muhit hukm surishidan xabardormiz. Bunday muhitda toʻp surish hamma futbolchi uchun yoqimli. Bosh murabbiyning shaxsan oʻzi taklif qilib, ishonch bildirgani uchun “Andijon” jamoasi bilan shartnoma imzolashga qaror qildim.
  • Andijonlik muxlislar sizni yaxshi eslashadi. 2018-yilgi mavsumda ham jamoa sharafini himoya qilgansiz. 5 yildan soʻng yana qaytdingiz. Jamoada eski doʻstlaringizdan kimlarni koʻrdingiz?
  • 2018-yilda oʻynab, 5 yildan keyin qaytganim va bu yerda tanish futbolchilar borligini ayta olaman. Jamoamiz sardori Ildar Mamatkazin va yana koʻplab oʻyinchilar bilan birga oʻynaganmiz, juda yaxshi tanishmiz. Shu tomonlaridan ham menga oson boʻladi, deb oʻylayman. Chunki bunday jarayonda klubga kirishib ketish va moslashish holati tezroq oʻtadi. Albatta, bu narsa foydamga boʻladi, deb umid qilaman.
  • Klubda qaysi raqamni tanladingiz va nima uchun?
  • Bu mavsumda men uchun 11-raqamni tanladim. Chunki 2018-yili “Andijon”da toʻp surganimda ushbu raqamda oʻynaganim uchun ham bu safar yana 11 ni tanladim.
  • “Andijon” bilan oʻz oldingizga qanday maqsad qoʻydingiz?
  • Oʻtgan mavsumda koʻrdikki, “Andijon” barcha klublarga, ayniqsa, yuqori oʻrinlardagi jamoalarga haqiqiy bosh ogʻrigʻi boʻldi. Bu yil ham oʻsha tempni tushirmasdan yaxshi raqobat koʻrsatib, yanada yuqori pogʻonalarni egallashni maqsad qilganmiz.
  • Andijonlik muxlislarga qanday gapingiz bor?
  • Boya aytib oʻtganimdek, jamoa muxlislari stadionda boshqacha muhitni yarata oladilar va “Andijon”ni 90 daqiqa faol tarzda qoʻllab-quvvatlab turadilar. Ishonamanki, yangi mavsumda ham xuddi shunaqa boʻladi. Ular bizni qoʻllab turishdan charchashmasin va bu bizga qoʻshimcha kuch boʻladi. Ularni albatta xursand qilamiz.
    “Andijon” matbuot xizmati.

Izoh qoldiring

 
Biz bilan aloqa

Assalomu alaykum, Sizning mamnunligingiz bizning ustuvor vazifamiz, biz sizning savollaringizga javob berishga tayyormiz...