Antaliyadagi dastlabki oʻyin va dastlabki taassurotlar

Turkiyaning Antaliya shahrida oʻquv-mashgʻulot yigʻinini olib borayotgan “Andijon” oldindan rejalashtirilganidek, 27-yanvar kuni dastlabki nazorat uchrashuvini oʻtkazdi. Raqib oʻtgan yili Osiyo oʻyinlari gʻolibi Janubiy Koreya U-23 terma jamoasi boʻldi.

Bellashuv Side shaharchasidagi “Emirxan sport kompleks” maydonida boʻlib oʻtdi. Rosti, mazkur bellashuvga qiziqish ancha katta boʻldi. Boisi, oʻz yoshida qitʼamizning yetakchi va gʻolib jamoasiga qarshi oʻyin boshqalarning ham eʼtiborini oʻziga tortmasdan qolmadi. Shuning uchun bahs “Andijon” matbuot xizmati tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatildi va koʻpchilik tomosha qilgani bizga maʼlum.

Bu “Andijon” jamoamizning Antaliya yigʻinidagi ilk oʻyini edi. Shuni va raqibning kuchli ekanligini inobatga oladigan boʻlsak, futbolchilarimizning maydondagi harakatlariga ijobiylik belgisi sifatida baho berish mumkin. Har xolda yomon taassurot qoldirishmadi. Bunday bahslarda natija muhim hisoblanmaydi. Jamoaviy oʻyinni shakllantirish birinchi “plan”ga chiqadi. Murabbiylar aynan shuning ustida ishlashyapti.

Oʻyinda gol urish ikkala jamoaga ham nasib qilmadi. Natija esa adolatli. Chunki futbolchilarda golli vaziyatlar u qadar koʻp boʻlmadi. Ammo jamoamiz gol urishga juda yaqin kelgandi. Ayniqsa, ikkinchi boʻlimda Bektemir Abdumannonov xavfli reyd uyushtirib raqib jarima maydoni ichiga yorib kirgan holda yaqin masofadan yoʻllagan zarbasi shundoq darvoza ustuni yonginasidan oʻtib ketdi. Oʻz navbatida raqiblar ham darvozamiz oldida koʻp boʻlmasa-da, ayrim pallalarda xavfli vaziyatlarni sodir etdilar. Darvozabonimiz mahorat koʻrsatdi va himoyachimiz ham. Yana bir holatda esa darvoza ustuni goldan saqlab qoldi.

Jamoamiz murabbiylari ikkala boʻlimda deyarli barcha futbolchilarni maydonga tushirdi va yigitlar koʻrsatmalarga amal qilgan holda oʻyin tashkil qildilar. Jamoamiz bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov ham, Janubiy Koreya U-23 ustozi Sun Xon Xvang ham bellashuvni tribunadan diqqat bilan kuzatib bordilar.

“Andijon” keyingi uchrashuvini 1-fevral sanasida Rossiyaning nomdor klublaridan biri – SSKAga qarshi oʻtkazadi. Shunday ekan, navbatdagi uchrashuv ham yanada qiziqarli oʻtishiga shubha yoʻq.

“Andijon” – Janubiy Koreya U-23 – 0:0.
27-yanvar. Antaliya. “Emirxan sport kompleksi”.
“Andijon”:
Igor Litovka, Abduvohid Gʻulomov, Ildar Mamatkazin, Islom Mamatkazin, Sardor Azimov, Farhod Bekmurotov, Levan Arveladze, Sherzod Esanov, Farhod Sohibjonov, Bektemir Abdumannonov, Shahboz Erkinov.
Ikkinchi boʻlimda maydonga tushganlar: Ilhom Abdugʻaniyev, Asilbek Aysarov, Muhammadkarim Toirov, Diyor Toirov, Vladimir Bubanya, Sunnatillo Abdullajonov, Armin Boshnyak, Izzatillo Abdurasulov, Asadbek Xabibullayev, Abubakir Rejabboyev.

Janubiy Koreya U-23 terma jamoasi: Shin Song Xon, Li Taye Sok, Seo Myung Guan, Cho Vi Je, Xvang Jaye Von, Xong Si Xo, Park Xyuin Bin, Xong Yun Sang, Li Kang Xi, Kang Seong Jin, Li Yung Jun.
Ikkinchi boʻlimda maydonga tushganlar: Kim Jeong Xun, Kim Ryun Seong, Byun Jun So, Li Jaye Von, Li Jun Jaye, Ox Jaye Xyuk, Li Seung Von, Park Xo Min, Park Chang Van, Gox Yung Jun, An Jaye Jun.

Izoh qoldiring

 
Biz bilan aloqa

Assalomu alaykum, Sizning mamnunligingiz bizning ustuvor vazifamiz, biz sizning savollaringizga javob berishga tayyormiz...