“Andijon” uchun foydali yoxud “Burgutlar”ning SSKAga qarshi oʻyini haqida

Turkiyaning Antaliya shahrida yigʻin oʻtkazayotgan “Andijon” hamda Moskvaning SSKA klublari ilk bor oʻrtoqlik uchrashuvda toʻqnash kelishdi. Oʻyin “Regnum” maydonida boʻlib oʻtdi va aytish kerakki, Belekning ushbu hududida bir qancha Rossiya klublari qoʻnim topishgan ekan. Shuning uchun boʻlsa kerak, SSKA – “Andijon” bellashuvda “Dinamo” (Moskva), “Sochi, “Veles”, “Baltika” yana boshqa jamoalar vakillarini uchratish mumkin edi.


Darvoqe, bellashuvdan avval rossiyalik taniqli sobiq hakam Nikolay Levnikov bilan uchrashib qoldik. U Rossiya futbol hakamlar qoʻmitasi rahbari sifatida faoliyat olib bormoqda. SSKA – “Andijon” oʻyinida esa hakamlar brigadasini nazorat qilib bordi. Shuningdek, ikkala boʻlimda alohida bosh hakamlar ishlashini ham qoʻshimcha qilib oʻtdi. Darhaqiqat, dastlabki boʻlimda Yegor Yegorov, ikkinchi boʻlimda esa Andrey Falov oʻyinni boshqardi. Barcha hakamlar rossiyalik ekanini eslatib oʻtish darkor.


SSKA bosh murabbiyi Vladimir Fedotov jamoamizga qarshi Igor Akinfeyev boshchiligidagi oʻzining asosiy tarkibini maydonga tushirdi. Bellashuv taqdirini ikkita gol hal qildi. Avvaliga “armiyachilar”ning asosiy hujumchilaridan biri Anton Zabolotniy hisobni ochgan boʻlsa, ikkinchi boʻlimda SSKA tarkibiga yangi qoʻshilgan futbolchi Temirlan Musayev jamoasining ikkinchi golini urdi.


“Andijon” uchun kuchli raqibga qarshi mazkur bellashuv juda muhim edi. Chunki jamoani oʻyinini yanada shakllantirish hamda qaysi jihatlarni yanada kuchaytirish zarurligi borasida mana shunday raqiblarga qarshi bahslarda javob olish mumkin boʻladi. Ammo Aleksandr Xomyakov shogirdlari SSKAga qarshi oʻyinni yaxshi boshladi va xavfli vaziyatlarni ham yaratdi. Masalan, birinchi boʻlimda Bektemir Abdumannonov oʻzining xavfli reydi orqali jarima maydoni ichiga kirib bordi va soʻnggi pallada Akinfeyev darvozasini ishgʻol qilmoqchi boʻlganida himoyachilar unga halaqit qilib qolishdi. Ikkinchi boʻlimda Asilbek Aysarovning uzoqdan yoʻllagan zarbasini Torol qiyinchilik bilan bartaraf etdi. Shuningdek, Sherzod Esanov ham bir vaziyatda qanotdan jarima maydoni ichiga kirib borayotganida xavf jiddiy koʻrinish olayotgandi, lekin yakunda oʻxshamay qoldi.


Xomyakov qoʻl ostidagi oʻyinchilarni yana bir bor sinovdan oʻtkazdi va kerakli xulosalarga ega boʻldi. Shubhasiz, bu kabi uchrashuvlar jamoamizga juda asqotadi.


SSKA – “Andijon” – 2:0 (1:0).
1-fevral. Antaliya. “Regnum” arena.
Hakamlar:
Bosh hakam: Yegor Yegorov (1-boʻlim), Andrey Falov (2-boʻlim)
Qanot hakamlari: Rinat Ravilov, Andrey Pelix.
Nazoratchi: Nikolay Levnikov
SSKA: Igor Akinfeyev, Villina Rosha, Kirill Nababkin, Mixail Ryadno, Milan Gayich, Moyzes Barbosa, Ivan Oblyakov, Konstantin Kuchayev, Viktor Mendes, Anton Zabolotniy.
Ikkinchi boʻlimda maydonga tushganlar: Vladislav Torol, Ilya Agapov, Kirill Glebov, Matvey Kislyak, Fyodor Chalov, Tamerlan Musayev.
“Andijon”: Eldor Adhamov, Vladimir Bubanya, Islom Mamatkazin, Abduvohid Gʻulomov, Sardor Azimov, Bektemir Abdumannonov, Muhammadkarim Toirov, Farhod Bekmuratov, Ilhom Abdugʻaniyev, Sunnatilla Abdullajonov, Shahboz Erkinov.
Zaxiradan maydonga tushganlar: Ildar Mamatkazin, Diyor Toirov, Farhod Sohibjonov, Marlen Chobanov, Sherzod Esanov, Abubakir Rejabboyev, Asilbek Aysarov, Izzatillo Abdurasulov, Suhrob Berdiyev, Armin Boshnyak, Mohir Komilov, Asad Habibullayev, Salam Ashurmamadov.
Gollar: Anton Zabolotniy, 8 – 1:0. Temerlan Musayev, 59 – 2:0.
Ogohlantirishlar: Viktor Davila, 55. Kirill Glebov, 80 – Izzat Abdurasulov, 63. Salam Ashurmamadov, 90.
“Andijon” matbuot xizmati.

Izoh qoldiring

 
Biz bilan aloqa

Assalomu alaykum, Sizning mamnunligingiz bizning ustuvor vazifamiz, biz sizning savollaringizga javob berishga tayyormiz...