Futbolchilarimiz holati haqida jamoamiz shifokori maʼlumot berdi

Futbol va tibbiyot! Futbolchilarimizning sogʻligi qanday? Ularning tiklanishi qanday kechmoqda? Jarohatlanganlar qachon qaytadi? Jamoamiz shifokori maʼlumot berdi

Futbolda sogʻlik birinchi oʻrinda. Ularning salomatligi hamma narsadan ustun. Futbolchi sogʻlom boʻlsagina murabbiy oʻzi xohlagan tarkibni va oʻyinni shakllantira oladi. Futbolchi sogʻlom boʻlsagina jamoasiga foyda keltira oladi.


“Andijon” jamoamizda ham oʻyinchilarning sogʻligiga hamma vaqt jiddiy eʼtibor qaratiladi. Bu borada jamoamiz bosh shifokori Salomxon Qosimov oʻyinchilarning sogʻligini doimiy nazorat qilib boryapti.
Oʻz navbatida “Andijon” bosh shifokori klub matbuot xizmatiga oʻyinchilarning salomatligi, tiklanishi uchun nimalarga eʼtibor qaratilayotgani hamda jarohatlangan futbolchilar borasida maʼlumot berib oʻtdi.

“Andijon” jamoamiz mavsumga tayyorgarlikni 3-yanvar kunidan boshladi va keyin Tojikistonning Xoʻjand shahrida barcha sharoitlarga ega boʻlgan maskandan olib bordi. U yerda 19-yanvargacha shugʻullandik. Futbolchilarimizning funksional holati yaxshi tiklandi. Yigʻinimizning ikkinchi bosqichi, yaʼni, asosiy qismini Turkiyaning Antaliya shahrida 24-yanvarda boshladik. Bu yerda 14-fevralgacha oʻquv-mashgʻulot yigʻinini davom ettiramiz. Murabbiylar shtabi tibbiyot shtabiga quyidagi vazifalar qoʻyildi:

Futbolchilarimizning funksional holatini tibbiy nazorat qilib borish. Har kuni ertalab qon bosimini, pulsini oʻlchaymiz. Yurak qon tomir sistemasini tekshiramiz. Mashgʻulotlar jarayonlariga qanchalik tayyor ekanligini baholab murabbiylar shtabiga xabar beramiz.

Oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari davomida futbolchilar kuchli yuklamalar olishi natijasida organizmdagi minerallar, vitaminlar, oqsil, uglevodlar parchalanib ketadi. Ularning oʻrnini toʻldirish uchun futbolchilarning har biriga individual holatiga oʻziga xos ravishda vitaminlar, “sportivniy pitaniya”, yaʼni, sportchilar uchun maxsus moʻljallangan biologoik qoʻshimchalar, adoptogenlar, turli xil formokologik priperatlari bilan qoʻllab-quvvatlab turamiz.

Futbolchilarni katta energiya yoʻqotishi natijasida ular yuqori kaloriyalik ovqatlanishi kerak. Har bir oʻyinchi 5-6 ming kilokalloriyalik ovqat qabul qilishi kerak. Shuning uchun ularga mos keladigan taomlarni tashkil qilish bizni vazifamiz.

Har bir mashgʻulot va oʻyinlardan keyin futbolchilarda turli xil moddalar almashinuvi qoldiqlari va “malochniy kislota”, yaʼni, sut kislotasi muskullarida yigʻilib qoladi. Mana shular oʻyinchilarda asorat qoldirmasligi, keyingi mashgʻulotga yaxshi tiklangan holatda kelishi uchun tiklanish jarayonini oʻtkazamiz. Tiklanish jarayonlariga nimalar kiradi: muzlik hammomdan oʻtkaziladi, sauna, basseyn, massaj, uyqu…Mana shular oʻyinchilarimizni tiklanishi uchun juda muhim. Bu borada tiklanish ishlari yaxshi oʻtyapti, barcha sharoitlar bor.

Keyingi yana bir vazifamiz, jarohat olgan futbolchilarni davolab safga qaytarish. Hozirgi kunda jarohatlangan oʻyinchilarimiz ikkita. Ilhom Alijonov oʻng tizza ichki kollateral bogʻlamasi jarohatlanishi tashxisi bilan davolanmoqda. Hozirgi kundagi ahvoli umumiy guruhga qoʻshilishga yaqin turibdi. Fizioterapevtik muolajalar oldi. Basseyn, massaj, gimnastika, trenajyor zalida maxsus individual mashqlar olib bormoqda. Xudo xohlasa, 5-fevral kuni asosiy guruh mashgʻulotlariga qoʻshiladi.

Yana bir futbolchimiz Abdurahmon Komilovda oʻng tizza meniski jarohatlangan. Andijonda maxsus reja boʻyicha davolanish kursisini oʻtamoqda. U fizioterapiya, massaj, basseyn va gimnastik mashqlarini olib bormoqda. Reja boʻyicha davolanib boryapti. Toshkentdagi yigʻinimizda Abdurahmon Komilov asosiy guruhga qoʻshiladi, degan umiddamiz, – dedi shifokor.
“Andijon” matbuot xizmati.

Sharhlar (1)

  1. Zo’r ma’lumotlar uchun raxmat

Izoh qoldiring

 
Biz bilan aloqa

Assalomu alaykum, Sizning mamnunligingiz bizning ustuvor vazifamiz, biz sizning savollaringizga javob berishga tayyormiz...