Kutilmagan uchrashuv, kutilgan mehmonlar yoxud “Andijon”ning oʻyinlari atrofidagi voqeliklar

Rejalashtirilganidek, “Andijon” 4-fevral kuni ikkita uchrashuv oʻtkazdi. Raqiblar – Ruminiyaning “Selimbar” va Gruziyaning “Saburtalo” jamoalari edi. Belekdagi “Fanatik” arenalaridan foydalanildi. Avvalo, “Fanatik” 2 stadionida jamoamizning “Selimbar”ga qarshi uchrashuvi oʻtkazildi. Oldindan aytish joizki, murabbiylar ikkala uchrashuv uchun futbolchilarni taqsimladilar va ularning imkoniyatlarini yana bir bor sinovdan oʻtkazdilar.


Tarkibga nazar tashlagan boʻlsangiz, unda Demir Imeriga koʻzingiz tushganligi aniq. Makedoniyalik yarim himoyachi hozircha jamoamizda koʻrikda boʻlib turibdi. Xomyakov shogirdlari “Selimbar”ga qarshi bahsda bir qancha golli imkoniyatlarni yaratdilar. Biroq hujumlarni gol bilan yakunlashda omad yuz oʻgirdi. Albatta, ruminiyaliklarda ham imkoniyatlar boʻldi, yakunda esa darvozalar daxslsiz qoldi. Darvoqe, jamoamiz aʼzolari – Eldor Adhamov va Abubakir Rejabboyev jarohat tufayli ushbu bahslarni oʻtkazib yubordilar.


“Andijon”ning “Sabultaro”ga qarshi ikkinchi oʻyini qoʻshni maydonda oʻtdi. Ilk uchrashuv davom etayotgan paytda gruziyaliklarga qarshi bellashuv uchun ajratilgan asosiy tarkib mashgʻulotlarni davom ettirib turdi. “Selimbar”ga qarshi bellashuv yakunlanishi bilanoq qoʻshni maydonga koʻchib oʻtdik va darhol barcha eʼtibor “Sabultaro” bilan bahsga qaratildi.


Ikkinchi oʻyin ham qiziqarli kechdi. Darvoqe, bellashuvdan oldin kichik bir qiziq holat yuz berdi. “Sabultaro” klubi bosh murabbiyi Giorgi Mikadze oʻz vaqtida Andijonning “UzDongJu” jamoasida toʻp surgan. Oʻsha mahalda hozirda “Andijon”da yordamchi murabbiy sifatida mehnat qilayotgan Elyor Rahmatullayev bilan birga toʻp surishgan. Bahs avvalida Mikadze Rahmatullayevni koʻrishi bilanoq darhol yoniga borib, oʻzini tanishtirdi va “UzDongJu”da birga toʻp surganini eslatdi. Ular oldingi xotiralarini yodga oldilar. Oradan 16-17 yil oʻtgan boʻlsa ham Giorgi Mikadze Elyor Rahmatullayevni unutmagani va bir qarashdayoq taniganiga qoyil. Ular uchrashuvdan keyin iliq tarzda xayrlashishdi.


Bevosita oʻyinga toʻxtaladigan boʻlsak, birinchi boʻlimda Farhod Bekmurotov raqib darvozasini ishgʻol etdi. Lekin uchrashuv yakuniga qadar gruziyaliklar ikki marta javob qaytargan holda hisobni 1:2 koʻrinishiga keltirdilar. Shu tariqa, ikkinchi uchrashuvda jamoamiz imkoniyatni boy berdi. Asosiysi, murabbiylar ushbu oʻyinlar orqali jamoa oʻyinini shakllantirib bormoqdalar.


Yana bir holat eʼtiborimizni tortdi. “Fanatik” arenalari bir-biriga yonma-yon joylashgani uchun qoʻshni maydonlarda turli xil mamlakatlardan kelgan jamoalar shugʻullanishar, yana boshqasida esa oʻrtoqlik oʻyinlari oʻtkazilardi. Jamoamiz oʻz oʻyinini oʻtkazayotgan mahalda “Soʻgʻdiyona” hamda “Paxtakor” klublari qoʻshni maydonlarda mashgʻulotlarini olib bordilar. Shuningdek, Qozogʻiston chempioni “Ordabasi” Armanistonning “Pyunik” klubi bilan oʻynadi va 2:4 hisobida yutqazdi. Ushbu bahsda “Ordabasi” tarkibida hamyurtimiz Jasur Yaxshiboyev toʻp surayotganiga ham guvoh boʻldik. Bundan tashqari, “Qizilqum” bosh murabbiyi Jamshid Saidov va uning yordamchilari “Andijon” ishtirokidagi oʻyinlarni stadionda kuzatib bordilar.

1-oʻyin. “Andijon” – “Selimbar” (Ruminiya) – 0:0.
“Andijon”ning boshlangʻich tarkibi:
Igor Litovka, Ildar Mamatkazin, Islom Mamatkazin, Abduvohid Gʻulomov, Sardor Azimov, Muhammadkarim Toirov, Levan Arveladze, Suhrob Berdiyev, Farhod Sohibjonov, Demir Imeri, Diyor Toirov.
Zaxiradan maydonga tushganlar: Sunnatilla Abdullajonov, Asad Habibullayev, Shahboz Erkinov, Mohir Komilov, Asilbek Aysarov.
“Selimbar”: Aldesku Marius, Gits Aleksandru, Palmesh Raul, Natea Chiprian, Mitrea Flonimel, Pamos Mikayel, Salim Tudor, Deak Gabriyel, Rodri Xernando, Suare Kasian, Pop Aleksandru.


2-oʻyin. “Andijon” – “Sabultaro” – 1:2 (1:0).
“Andijon”:
Igor Litovka, Vladimir Bubanya, Marlen Chobanov, Abduvohid Gʻulomov, Izzat Abdurasulov, Farhod Bekmuratov, Sherzod Esanov, Ilhom Abdugʻaniyev, Farhod Sohibjonov, Bektemir Abdumannonov, Shahboz Erkinov.
Zaxiradan maydonga tushganlar: Asilbek Aysarov, Mohir Komilov, Sunnatilla Abdullajonov, Suhrob Berdiyev, Demir Imeri.
“Sabultaro”: Lazare Kupatadze, Irakli Komaxidze, Aleksandre Narimanidze, Giorgi Jerenaiya, Tsotne Kapanadze, Shota Nonikashvili, Bakar Xardava, Dadiani, Gizo Mamageishvili, Giorgi Koxreidze, Saba Mamachashvili.
“Andijon” matbuot xizmati.

Izoh qoldiring

 
Biz bilan aloqa

Assalomu alaykum, Sizning mamnunligingiz bizning ustuvor vazifamiz, biz sizning savollaringizga javob berishga tayyormiz...