Abduvohid Gʻulomov: “Bizda ishtiyoq yuqori darajada”

Bilasiz, “Andijon” klubi ham yangi mavsumga tayyorgarlikni Turkiyaning Antaliya shahrida qizgʻin ravishda davom ettiryapti. Jamoadagi barcha futbolchilar yuqori kayfiyatda mashgʻulotlarda qatnashishyapti. Bunday mehnat bilan jamoa aʼzolari albatta chempionatda oʻz muxlislarini xursand qila oladi.

Oʻtkazilayotgan nazorat oʻyinlari ham “Andijon”ga ijobiy taʼsirini koʻrsatishi tabiiy. Chunki futbolchilar oʻyinlar orqali yanada tajriba toʻplab borishyapti. Jamoaning iqtidorli futbolchilaridan biri, himoyachi Abduvohid Gʻulomovdan bu safar ham umid katta. U jamoadoshlari singari mashgʻulotlarda astoydil ter toʻkyapti va qattiq mehnat qilyapti.

Darvoqe, yaqinda yangi mavsum uchun qurʼa ham tashlandi. Unga koʻra, “Andijon” safarda OKMK bilan oʻynaydigan boʻldi. Bu ham oʻziga yarasha qiziqarli toʻqnashuv boʻladi. Jamoamizning iqtidorli futbolchilaridan biri, himoyachi Abduvohid Gʻulomov oʻrtoqlik uchrashuvlari, qurʼa va Antaliya yigʻini xususida fikrlarini bildirdi.

“Yomon oʻyin namoyish etmadik”
“Oʻyinlarimiz haqida taassurotlarim yaxshi. Avvalo, “Selimbar”ga qarshi uchrashuv toʻgʻrisida toʻxtalsam, biz oʻyindan avval raqib haqida maʼlumotga ega emasdik. Shu sababdan ham oʻyin natijasiga taʼsir qildi, deb oʻylayman. Ammo yomon oʻyin namoyish etmadik. Vaziyatlar yarata oldik. Biroq ularni golga aylantira olmadik va durang bilan tugadi”.

“Kuchli raqibga qarshi maydonga tushdik”
“Ikkinchi oʻyinda Gruziyaning “Saburtalo” jamoasi bilan oʻynadik. Biz kuchli raqibga qarshi maydonga tushdik. Gol urdik. Lekin gʻalabani saqlab qola olmadik. Oʻylaymanki, hozirgi jarayonda natijaning ahamiyati katta emas. Asosiysi, jamoa oʻyinini shakllantirib, uni kuchaytirishda. Biz shunga harakat qilyapmiz”.

“Yigʻin aʼlo darajada oʻtyapti”
“Antaliya yigʻinimiz aʼlo dajada oʻtyapti. Tayyorgarligimiz juda yaxshi va ahamiyatli boʻlyapti. Yoqimli tarafi kuchli raqiblar bilan oʻyinlar oʻtkazyapmiz. Bu bizga albatta ijobiy tomondan asqotishi aniq”.

“Mavsumni gʻalaba bilan boshlash uchun bor kuchimizni sarflaymiz”
“Superliga qurʼasiga kelsak, birinchi uchrashuvni safarda oʻtkazadigan boʻldik. Baribir mavsum mobaynida hamma raqiblar bilan oʻynab chiqishimiz kerak. Shu boisdan men uchun katta ahamiyatga ega emas. Xudo xohlasa, mavsum davomida gʻalabalarimiz bilan muxlislarimizni xursand qilamiz. Albatta, chempionatni uch ochko bilan boshlash uchun bor kuchimizni sarflaymiz va maqsadimizga erishishga harakat qilamiz”.

“Xohish va ishtiyoqsiz hech nimaga erishib boʻlmaydi”.
“Jamoadagi barcha yigitlarning kayfiyati aʼlo darajada. Xohish va ishtiyoqsiz hech nimaga erishib boʻlmaydi. Shuning uchun ham bizda ishtiyoq yuqori darajada”.
“Andijon” matbuot xizmati.

Sharhlar (1)

  1. Haaaaaaaaaaaaaaa

Izoh qoldiring

 
Biz bilan aloqa

Assalomu alaykum, Sizning mamnunligingiz bizning ustuvor vazifamiz, biz sizning savollaringizga javob berishga tayyormiz...