“Andijon”ning bugungi raqibi haqida nimalarni bilasiz?

“Andijon” jamoamiz Antaliyada davom ettirayotgan oʻquv-mashgʻulot yigʻini doirasida navbatdagi oʻrtoqlik uchrashuvini 9-fevral kuni oʻtkazadi. Bu safar jamoamiz uchun sparring-raqib Slovakiyaning “Belusha” futbol klubidir. Odatimizga koʻra, “Andijon” matbuot xizmati boʻlajak raqib xususida maʼlumotlar taqdim etadi.

Xabaringiz bor, bungacha “Andijon” Janubiy Koreya U23 terma jamoasi, Rossiyaning SSKA, Ruminiyaning “Selimbar” hamda Gruziyaning “Saburtalo” klublariga qarshi maydonga tushishdi. Navbatdagi bellashuv esa “Burgutlar”ning Antaliyadagi beshinchi oʻrtoqlik oʻyiniga aylanadi.

“Belusha” Slovakiya chempionatida uchinchi gʻarbiy ligada ishtirok etadi. Undan avval esa “Nayk” ligasi va ikkinchi liga bor. Oʻxshatish uchun: ulardagi “Nayk” ligasi bizni Superligamiz kabidir. Shuningdek, uchinchi liga gʻarb va sharq mintaqalariga boʻlingan. Undan keyin toʻrtinchi liga ham boʻlib, bu toʻrt mintaqaga ajratilgan. Umuman olganda, ularda futbol klublari koʻp va darajalarida u qadar katta farq yoʻq.

Hozir Slovakiya chempionatida qishki tanaffus eʼlon qilingan. “Belusha” klubi ishtirok etayotgan birinchilikda 16 ta klub qatnashadi. “Andijon”ning boʻlajak raqibi musobaqa jadvalida 22 ochko jamgʻarib, 9-oʻrinni egallab turibdi. “Belusha” ikkinchi davraga tayyorgarligini Antaliya shahrida olib bormoqda. Jamoani slovakiyalik 47 yoshli mutaxassis Dushan Kramlik boshqarib kelyapti. U “Belusha”da 2018-yildan faoliyatini boshlagan va 2022-yildan eʼtiboran jamoa bosh murabbiyi sifatida mehnat qilib kelmoqda.

“Andijon” – “Belusha” jamoalari oʻrtasidagi uchrashuv “SB Sport” kompleksida boʻlib oʻtadi. Uchrashuv mahalliy vaqt bilan soat 14:00 da, Toshkent vaqti bilan esa 16:00 da boshlanadi.
“Andijon” matbuot xizmati.

Sharhlar (1)

  1. Абдурахмон

    Ажойиб

Izoh qoldiring

 
Biz bilan aloqa

Assalomu alaykum, Sizning mamnunligingiz bizning ustuvor vazifamiz, biz sizning savollaringizga javob berishga tayyormiz...