“Andijon” – “Belusha” uchrashuvida kuchlar teng keldi

Antaliyada shugʻullanayotgan “Andijon” hisob boʻyicha 5-oʻrtoqlik uchrashuvida ishtirok etdi. Bu safargi raqib Slovakiyaning “Belusha” jamoasi boʻldi.

Kun boʻyi havo bulutli boʻlgani sababli oʻyin oldidan yomgʻir yogʻishni boshladi. Orada toʻxtagandek boʻldi va ikkinchi boʻlimda yana davom etdi. Bevosita uchrashuvga toʻxtaladigan boʻlsak, qizgʻin kurashlarga boy oʻtdi.

Jamoamiz tarkibida koʻrikdan oʻtayotgan futbolchilar shu kuni murabbiylar tomonidan sinovdan oʻtkazildi. Jumladan, “Paxtakor”dan kelgan hujumchi Rustam Turdimurodov, qozogʻistonlik futbolchi Oralxan Omirtayev. Bu ikkala oʻyinchi hujumchi. Omirtayevning oxirgi klubi Qozogʻistonning “Atirau” jamoasi sanaladi. Shuningdek, SSKA 2 da faoliyat olib borgan yosh posbon Maksim Sarraf ham uchrashuvda maydonga tushirildi.

Asta-sekin “Andijon”ning oʻyini shakllanib boryapti. “Belusha”ga qarshi uchrashuvda rejalashtirilgan hujumlar orqali bir nechta golli imkoniyatlar yaratilganiga guvoh boʻlish mumkin. Biroq uchrashuvda hisobni ochish raqib jamoaga nasib etdi. Birinchi boʻlimda jamoalar maydonni golsiz tark etishdi. Ikkinchi boʻlimda esa slovakiyaliklar burchakdan toʻp uzatilgan keyin hisobni ochishdi. Bu vaziyatda zaxiradan maydonga tushgan Roman Xolichek boshi bilan gol urdi.

Lekin “Andijon” bu golga tezkorlik bilan javob qaytardi. Jamoamizning navbatdagi hujumlaridan birida Levan Arveladze jarima maydoni ichida zarbani aniq yoʻlladi va muvozanatni tikladi – 1:1.

Umuman aytganda, jamoamiz gʻalabaga yaqin kelgandi. Ikkala boʻlimda ham raqib darvozasi oldida golli vaziyatlar yaratildi. Faqat oxirgi lahzalarda omad yuz oʻgirdi.

Darvoqe, uchrashuvni tomosha qilish uchun mehmonlar ham tashrif buyurdilar. “Dinamo” bosh murabbiyi Vadim Abramovni uchratdik. U bir boʻlim tomosha qilgach, keyin ketdi. Shuningdek, OKMK murabbiylar shtabida mehnat qilayotgan Marat Axmerovga koʻzimiz tushdi. Ikkinchi boʻlim oʻrtalarida esa OKMK ustozi Mirjalol Qosimov ham paydo boʻldi. Keyin bilsak jamoamiz oʻynayotgan maydonning qoʻshni tarafida OKMKni ham Ukrainaning “Veres” klubiga qarshi oʻyini belgilangan ekan. Orada esa “Andijon”ning sobiq futbolchisi, hozirda OKMK sharafini himoya qilayotgan Baxtiyor Qosimov jamoamiz vakillari bilan koʻrishib, qadrdonlari bilan salom-alik qilib ketdi.

Shu tariqa, jamoamizning yana bir oʻrtoqlik uchrashuvi boʻlib oʻtdi va bu bahsdan murabbiylar shtabi kerakli xulosalarga ega boʻldilar.

“Andijon” – “Belusha” – 1:1 (0:0).
“Andijon”:
Mohir Komilov, Islom Mamatkazin, Abduvohid Gʻulomov, Vladimir Bubanya, Levan Arveladze, Muhammadkarim Toirov, Sherzod Esanov, Sardor Azimov, Farhod Sohibjionov, Bektemir Abdumannonov, Rustam Turdimurodov.
Zaxiradan maydonga tushganlar: Maksim Sarraf, Oralxan Omirtayev, Sunnatilla Abdullajonov, Marlen Chobanov, Ildar Mamatkazin, Ilhom Abdugʻaniyev, Farhod Bekmuratov, Diyor Toirov, Suhrob Berdiyev, Izzat Abdurasulov, Shahboz Erkinov, Asilbek Aysarov, Armin Boshnyak, Asad Habibullayev.
“Belusha”: Medard Vangel, Peter Bryandizar, Robert Stefanek, Patrik Schizler, Lukak Beno, Denis Knijka, Roman Gaspar, Branislav Duris, Adam Kopilek, Michal Xrenak, Patrik Krchula.
Zaxiradan maydonga tushganlar: Striyedali, Roman Xolichek, Briks, Balaz.
Gollar: Roman Xolichek, 57 – 0:1. Levan Arveladze, 60 – 1:1.
“Andijon” matbuot xizmati.

Izoh qoldiring

 
Biz bilan aloqa

Assalomu alaykum, Sizning mamnunligingiz bizning ustuvor vazifamiz, biz sizning savollaringizga javob berishga tayyormiz...