Bektemir Abdumannonov va Sherzod Esanov “Andijon” bilan shartnoma imzoladi

Sevimli jamoamiz transferlarni amalga oshirishda davom etadi. Iqtidorli futbolchilar – Sherzod Esanov va Bektemir Abdumannonov yangi mavsumda “Andijon” tarkibida toʻp suradilar.

Muxlislarimizga yaxshi maʼlumki, Esanov “Andijon”ga 2022-yilgi mavsumda qoʻshilgan. Oʻtgan yili esa birinchi davradan soʻng “Olimpik” klubiga ijaraga berilgandi. Chempionat tugagach, uning shartnomasi yakunlandi. Koʻrib turganingizdek, Sherzod yana “Andijon”ga qaytdi va yangi bitim imzolandi.
Esanov 2003-yilning 1-fevral kuni Navoiyda tavallud topgan. “Chigʻatoy”da futbol bilan shugʻullangan. Aytish lozimki, Esanov oʻtgan yili yurtimizda boʻlib oʻtgan U-20 Osiyo chempionatida terma jamoamiz safida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan.

Jamoamizning yana bir yangi aʼzosi – Bektemir Abdumannonov 2002-yilning 12-iyul kuni Jizzax viloyatining Baxmal tumanida tavallud topgan. “Paxtakor” akademiyasida tahsil olgan va 2019-yili birinchi ligada toʻp surgan. 2020 hamda 2021-yillarda “Olimpik” sharafini himoya qilgan. Shundan soʻng “Metallurg”ga koʻchib oʻtgan va 2023-yil oxiriga qadar bekobodliklar uchun toʻp surdi.
Abdumannonov “Andijon” bilan shartnoma imzoladi va endi bor eʼtiborini jamoamizga qaratadi.

Sherzod va Bektemir “Andijon”ning ahil oilasiga xush kelibsizlar!
“Andijon” matbuot xizmati.

Izoh qoldiring

 
Biz bilan aloqa

Assalomu alaykum, Sizning mamnunligingiz bizning ustuvor vazifamiz, biz sizning savollaringizga javob berishga tayyormiz...