“Andijon” bugun Janubiy Koreya va Ruminiya klublariga qarshi maydonga tushadi

Aleksandr Xomyakov bosh murabbiyligidagi “Andijon”ning 12-fevral kuniga Antaliyadagi soʻnggi nazorat uchrashuvlari belgilangan.

Oldindan shuni maʼlum qilmoqchimizki, shu kungi raqiblardan biri Latviyaning “Valmiyera” jamoasi edi. Biroq oʻzgarish yuz berib, uning oʻrniga Janubiy Koreyaning “Kanvon” klubi jamoamiz bilan kuch sinashadi. Yana bir bahs esa oldindan rejalashtirilganidek, Ruminiyaning “Korvinul Xundeora”siga qarshi kechadi. Klub matbuot xizmati esa odatiga koʻra, raqiblar haqida tanishtiradi.

Ruminiyaning “Korvinul Xundeora” klubi Liga 2 chempionatida ishtirok etmoqda. Bu bizning pro ligamiz kabi. Hozirda bu klub “Selimbar”dan soʻng musobaqa jadvalida 2-oʻrinda turibdi. Yaqinda “Andijon” aynan “Selimbar” bilan ham oʻynaganini yaxshi bilasiz. Bu safar futbolchilarimiz ushbu jamoaning eng yaqin taʼqibchisiga qarshi maydonga tushadilar. “Korvinul” musobaqa jadvalida peshqadamdan 1 ochko kam jamgʻarib, 31 ochko bilan 2-oʻrinda bormoqda.

Bu klub Antaliya yigʻini davomida “Uniyera Dej” bilan 0:0 oʻynadi va soʻngra “Medz”ga qarshi bellashuvda 1:0 hisobida gʻalaba qozondi.

“Korvinul Xundeora” klubining asosiy maqsadi elitaga yoʻl olish. Ushbu jamoani mahalliy mutaxassis – Florin Maksim boshqarib bormoqda. Qizigʻi, u ilgari “Selimbar”ga bosh murabbiylik qilgan. Yaqinda 43 yoshga toʻladigan Florin Maksim endilikda “Korvinul”ga ustozlik qilib kelyapti.

Endi yana raqib haqida toʻxtaladigan boʻlsak, “Kanvon” klubi Janubiy Koreyaning Key-1 ligasida ishtirok etadi (bu xuddi Superligamiz kabi). Oʻtgan mavsumda “Kanvon” pley-off orqali elitada jon saqlab qoldi.
Shuningdek, oʻtgan yili mazkur jamoa tarkibida hamyurtimiz Ikrom Aliboyev toʻp surgan. Undan avval esa Rustam Ashurmatov ham faoliyat olib borganini qoʻshimcha qilish lozim. Ayni paytda “Kanvon” xuddi “Andijon” singari yangi boshlanajak futbol mavsumiga tayyorgarlik koʻrmoqda.

“Kanvon” Antaliyadagi yigʻini davomida quyidagi raqiblar bilan oʻynadi: LKS – “Kanvon” – 3:2. “Napredak” – “Kanvon” – 0:0. “Dinamo” (Moskva) – “Kanvon” – 2:2. “Pobdeskidze” – “Kanvon” – 0:1.

Klubga 51 yoshli mutaxassis Jong Xvan Yun bosh murabbiylik qilmoqda. Bungacha Yaponiya va Tailand chempionatlarida ham ish olib borgan.

Dastlabki uchrashuv “Korvinul”ga qarshi boʻlib oʻtadi. Oʻyin Antaliya vaqti bilan 11:00 da boshlanadi. Bu Toshkent vaqtiga 13:00 ga toʻgʻri keladi. Ikkinchi bahsdagi “Kanvon” bilan uchrashuv mahalliy vaqt bilan 16:00 da start oladi. Toshkent vaqti bilan esa 18:00 da boshlanadi.
“Andijon” matbuot xizmati.

Izoh qoldiring

 
Biz bilan aloqa

Assalomu alaykum, Sizning mamnunligingiz bizning ustuvor vazifamiz, biz sizning savollaringizga javob berishga tayyormiz...