Koreyslar bilan boshlab koreyslar bilan tugatdik

“Andijon” jamoamizning Antaliyadagi soʻnggi nazorat uchrashuvlari ham boʻlib oʻtdi. Oldin xabar qilib oʻtganimizdek, “Burgutlar” bir kunda ikkita oʻyin oʻtkazishi rejalashtirilgandi. Dastlabki uchrashuv Ruminiyaning “Korvinul “Xundeora” jamoasiga qarshi kechdi. Aslida bu bahs jamoamiz uchun yomon boshlanmagandi. Lekin jamoamizning oʻylagan rejalari ushbu oʻyinda amalga oshmadi. Aksiga olib raqibning uyushtirgan aksariyat hujumi bilan gol bilan yakunlanaverdi va natijada yirik 0:5 hisobi qayd etildi.

Bir kunda ikkita uchrashuv tashkillashtirilgani bois murabbiylar shtabi ikkala bellashuv uchun asosiy tarkibni aniqlab olishgandi. Agar vaziyatlardan birini golga aylantirganimizda bunday hisob qayd etilmasdi. Masalan, birinchi boʻlimda Farhod Sohibjonovda qulay imkoniyat boʻldi. Jarima maydoni ichida yoʻllagan aniq zarbasini ruminiyalik posbon zoʻrgʻa oyoqlari yordamida bartaraf qilib qoldi. Yuqorida taʼkidlaganimizdek, “Korvinul”ning hujumlari samarali chiqaverdi va bunda albatta omad ham ular tomonda boʻlganini taʼkidlash joiz. Aslida esa mana shunday natijalar albatta ijobiy tomondan xizmat qilishi tabiiy. Qolaversa, bu nazorat uchrashuvi va unda murabbiylar futbolchilarning oʻyin amaliyotini oshirishmoqda hamda turli taktik uslublarni qoʻllab koʻrishyapti.

Kunning ikkinchi yarmidagi uchrashuv Janubiy Koreyaning “Kanvon” klubiga qarshi boʻlib oʻtdi. Taʼkidlash joizki, bu bahsda jamoamiz ancha tartibli harakat qildi. “Kanvon” Koreyaning “Key1” ligasi qatnashchisi. Xuddi bizning Superligamiz singari. “Andijon” vakillari tezkor raqibga qarshi pressing qoʻlladi va taktik yurishlar orqali xavf tugʻdirdi. Jamoamiz birinchi boʻlimda hisobni ochishga yaqin keldi. Iqtidorli yarim himoyachi Ilhom Abdugʻaniyevning jarima maydoni ichiga kirmasdan yoʻllagan zarbasi toʻsinga tegib qaytdi. Oʻyindagi asosiy voqealar tanaffusdan keyin yuz berdi.

Ikkinchi boʻlimni juda shiddatli boshlagan “Andijon” koreyslarni shoshirtirib qoʻydi va shunga yarasha tezkorlik bilan gol urdilar. Standartdan uzatilgan toʻpni “Kanvon” jarima maydoni ichida Islom Mamatkazin boshi bilan darvozaning pastki burchagini aniq nishonga oldi. Bu goldan ruhlangan jamoamiz yana hujumlar uyushtirishda davom etdi. Bir vaziyatda jarima maydoni ichida qanotdan uzatilgan toʻpni Suhrob Berdiyev yaqin masofadan yoʻlladi-yu, ammo darvozabon toʻpni chiziq ustida qaytarib qoldi. Lekin koreyslar oʻz hujumlaridan birida hisobni tenglashtirdilar. Shundan keyin ham “Andijon” futbolchilari boʻsh kelmadilar.

Bu oʻyinda jamoamiz gʻalabaga haqli edi va juda yaqin kelgandi. Oxirigacha kurashgan futbolchilarimiz bahs soʻnggida raqib jarima maydoni ichida keskinlik bilan toʻxtatildi. Avvaliga Farhod Sohibjonov, keyin Sherzod Esanov ochiqchasiga yiqitildi. Lekin turk hakami negadir bu vaziyatda penalti belgilashni istamagani bizni hayron qoldirdi. Holbuki, toʻla-toʻkis penalti edi.

Shunday qilib, oʻyin durang bilan tugadi. Eʼtiborlisi, “Andijon” Antaliyadagi yigʻinini Janubiy Koreya olimpiya terma jamoasiga qarshi oʻyin bilan boshlagandi va yana koreyaliklarga qarshi uchrashuv bilan yakunladilar.

“Andijon” – “Korvinul” – 0:5 (0:2).
“Andijon” tarkibi:
Maksim Sarraf, Ildar Mamatkazin, Marlen Chobanov, Abubakir Rejabboyev, Izzat Abdurasulov, Asilbek Aysarov, Sherzod Esanov, Levan Arveladze, Sunnatilla Abdullajonov, Farhod Sohibjonov, Shahboz Erkinov.
Zaxiradan maydonga tushganlar: Mohir Komilov, Diyor Toirov, Asad Habibullayev, Suhrob Berdiyev, Armin Boshnyak, Ilhom Alijonov.

“Andijon” – “Kanvon” – 1:1 (0:0).
“Andijon” tarkibi:
Igor Litovka, Vladimir Bubanya, Islom Mamatkazin, Farhod Bekmuratov, Sardor Azimov, Abduvohid Gʻulomov, Muhammadkarim Toirov, Ilhom Abdugʻaniyev, Bektemir Abdumannonov, Demir Imeri, Rustam Turdimurodov.
Zaxiradan maydonga tushganlar: Farhod Sohibjonov, Suhrob Berdiyev, Izzat Abdurasulov, Sherzod Esanov, Ilhom Alijonov.
“Andijon” matbuot xizmati.

Izoh qoldiring

 
Biz bilan aloqa

Assalomu alaykum, Sizning mamnunligingiz bizning ustuvor vazifamiz, biz sizning savollaringizga javob berishga tayyormiz...