Maksim Sarraf: “Andijon” taklifini xursandchilik bilan qabul qildim”

“Andijon” tarkibiga qishki seleksiya paytida qoʻshilgan yangi futbolchilar orasida isteʼdodli darvozabon Maksim Sarraf ham bor. Rossiyaning SSKA klubi tarbiyalanuvchisi Suriya terma jamoasi aʼzosi ham hisoblanadi. Yaqinda Qatardagi Osiyo Kubogida u suriyaliklar tarkibida bor edi. Sarrafning faoliyatida yangi sahifa ochildi. “Andijon”ning yangi aʼzosi bu yerdagi ilk intervyusini berdi.

-Maksim, “Andijon” klubiga xush kelibsiz! Avvalo, muxlislarga oʻzingiz haqingizda maʼlumot berib oʻtsangiz. Sizni Qatarda oʻtgan Osiyo Kubogida Suriya terma jamoasiga chaqirilganingizni koʻpchilik yaxshi biladi.

-Ha, toʻgʻri men Suriya terma jamoasi “zayavka”sida boʻlganman. Birinchi marta milliy terma jamoaning yoshlar tarkibiga borib qoʻshilganman. Katta yoʻlni bosib oʻtib, mehnatlarim evaziga men terma jamoaga tarkibiga kirishga ulgurdim.

-“Andijon”ning taklifi haqida ilk bor qachon eshitdingiz va uni qabul qilishingizga asosiy sabab nima boʻldi?

-Osiyo Kubogida qatnashayotganimizda “Andijon” klubidan taklif kelib tushganini eshitdim. Natijada bu taklifni men xursandchilik bilan qabul qildim. Oʻzbekiston Superligasida qatnashadigan, qiziqarli jamoa ekanligini eshitdim. Yaxshi murabbiylar shtabi yigʻilgan. Bu taklif menga yoqqani sababli “Andijon”ga oʻtishga qaror qildim.

-1-fevral kuni “Andijon” Antaliyada SSKA bilan oʻrtoqlik uchrashuvini oʻtkazdi va siz bu oʻyinni koʻrdingizmi?

-Oʻrtoqlik oʻyinini mashgʻulotdan oldin koʻrdim. Biz bu paytda Qatarda edik. Koʻrdim, yaxshi taassurot qoldirishdi. Qanotlar, markazlar orqali yaxshi oʻyin tashkil qilishlarini ham kuzatdim. Shuningdek, pressingni ham ajoyib tarzda bajarishlariga guvoh boʻldim hamda yaxshi oʻyin tashkil qilishlarini ham koʻrdim. Munosib kurashdi.

-SSKAning afsonaviy darvozaboni Igor Akinfeyevdan nima oʻrgandingiz? Masalan, u sizni “Andijon”ga koʻchib oʻtganingizni biladimi?

-Toʻgʻrisi, meni kelishim haqida u biladimi yoki bilmaydimi, aniq maʼlumotga ega emasman. Biz u bilan mashgʻulotlar jarayonida koʻrishganmiz. Albatta, Akinfeyev meni biladi. Biz mashgʻulotlar jarayonida bir necha bor gaplashganmiz.

-Ayting-chi, SSKA akademiyasiga kirib qolishingiz qanday yuz bergan?

-Amerikadan kelganim soʻng akademiyaga bordim. Koʻrikdan oʻtdim va oʻsha yerga joylashdim.

-Abbos Fayzullayevdan mana shunday oʻyin koʻrsatishini kutganmidingiz?

-Toʻgʻrisi, men Abbosdan shunday oʻyinni kutgandim. Koʻpchilik tomonidan yaxshi fikrlar aytilyapti. U hali ancha yosh. Abbos jismoniy jihatdan ham juda yaxshi formaga kirib, shakllanib qoldi, deb oʻylayman. Oldindan bu futbolchini potensiali katta ekanligini bilardim. U munosib oʻyin koʻrsatmoqda.

-Suriya terma jamoasiga chaqirilishingiz tarixi qanday boʻldi?

-Terma jamoa strukturasida ishlaydigan shaxs oʻzi menga aloqaga chiqdi. Biz u bilan gaplashib oldik. Ungacha ham chaqiruv boʻlgan, lekin hech qanday aloqa xati kelmagan va uni aniqlaganimdan soʻng oʻzim uchun qaror qabul qilib, terma jamoa yigʻiniga borishga qaror qildim

-Suriya terma jamoasi Osiyo Kubogida yaxshi taassurot qoldirdi. Faqat Eronga penaltilar seriyasida yutqazdi. Bu xususida fikringiz qanday?

-Ha, chindan ham biz oʻzimizdan yaxshi taassurot qoldirdik, deb oʻylayman. Eron bilan penaltilar seriyasida omadimiz kelmadi. Bilasiz, Eron Osiyoning eng kuchli jamoalaridan biri hisoblanadi va musobaqa favoritlari qatorida edi. Penaltilar seriyasi – bu lotereya. Futbolchimiz bu nuqtadan gol ura olmadi. Bunda omad Eronga kulib boqdi va ular keyingi bosqichga chiqishdi. Terma jamoamiz barchada yaxshi taassurot qoldirdi.

-Suriya terma jamoasi bosh murabbiyi Ektor Kuper bilan tez-tez gaplashib turasizmi?

-Ektor Kuper bilan yigʻinlar davomida gaplashamiz. Albatta, u bilan suhbatlashish ham men uchun sharaf deb oʻylayman. Tarjimon ishtirokida biz oʻzaro gaplashamiz.

-“Andijon” klubidagi dastlabki taassurotlaringiz qanday?

-Dastlabki taassurotlarim albatta juda ijobiy. Jamoa meni yaxshi qabul qilib oldi. Doʻstona muhit ekanligi koʻrinib turibdi. Murabbiylar shtabi ham tajribali ekanligi bilinyapti. Mashgʻulotlar yuqori darajada olib borilayotganligini guvohi boʻldim. Umid qilamanki, mashgʻulotlardagi mehnat mavsum davomida ijobiy taʼsirini koʻrsatadi va biz oʻzimizdan yaxshi taassurot qoldira olamiz.

-Darvozabonlar orasida kumiringiz kim?

-Koʻplab oʻzim yoqtirgan darvozabonlarim bor. Ularning ichida men Buffonni alohida aytib oʻtgan boʻlardim. U faoliyatini qoyilmaqom tarzda olib bordi. Barchaga jamoasiga sodiqligini koʻrsatib qoʻydi. Hattoki, “Yuventus” B seriyaga tushib ketganida ham klubi bilan birga boʻldi. Sodiq ekanini isbotladi. Koʻplab yutuqlarga erishdi. Shu sababli men Buffonni tanlayman.

-Maqsadingiz qanday va “Andijon” muxlislariga nima deya olasiz?

-Har bir oʻyinda uch ochko olish kerak. Oxirgi xushtak chalinguniga qadar biz bor kuchimiz bilan kurashamiz. Yuqori natijalarni koʻzlash hamda turnir jadvalida maksimal darajada yuqori oʻrinlarga egalik qilish muhim. Barcha muxlislarga “Andijon” jamoamizni qoʻllab-quvvatlashlarini xohlayman va ular buni ajoyib tarzda bajarishlariga ishonaman.
“Andijon” matbuot xizmati.

Izoh qoldiring

 
Biz bilan aloqa

Assalomu alaykum, Sizning mamnunligingiz bizning ustuvor vazifamiz, biz sizning savollaringizga javob berishga tayyormiz...