“Andijon” U21 jamoamiz uchun foydali oʻyin

Andijonda anʼanaviy tarzda oʻtkazib kelinayotgan bu safargi “Hokim Kubogi” musobaqasida “Andijon” U21 jamoamiz ishtirok etayotganidan xabardorsiz. Navbatdagi turda Abdurashid Ismoilov boshqaruvidagi yoshlarimiz Andrey Kanchelskis bosh murabbiylik qilayotgan Qirgʻizistonning “Muras Yunayted” jamoasiga qarshi bellashdi. Ushbu uchrashuv “Bobur Arena” stadionida boʻlib oʻtdi.

Qiziqarli kechgan oʻyinda “Muras Yunayted”ning qoʻli baland keldi – 3:1. Qirgʻizistonliklardan Kiril Sidorenko 25–daqiqada hisobni ochdi. Ivan Solovyov 75-daqiqada hisobni 2:0 koʻrinishga keltirgan boʻlsa, Levan Kavzarashvili oradan 7 daqiqa oʻtgach, hisobni yiriklashtirdi. 84-daqiqada jamoamiz aʼzosi Muhammaddiyor Mahmudov penaltidan qaytgan toʻpni darvozaga joylab qoʻydi. – 3:1.

“Andijon” U21 jamoamiz shu kuni Kanchelskis boshqaruvidagi jamoaga qarshi jangovar oʻyin taklif qildi va yomon taassurot qoldirgani yoʻq. Mana shunday uchrashuvlar orqali yosh futbolchilar yanada shakllanadi hamda tajribaga ega boʻladi. Shu bois bu turnir “Andijon” U21 uchun juda foydali boʻlmoqda.

Bundan tashqari, jamoamiz fan-klubi ham yangi mavsumga qizgʻin tayyorgarlik koʻrmoqda va “Andijon” U21 ishtirokidagi uchrashuvda futbolchilarimizni qoʻllab-quvvatlash orqali oʻziga xos qiziqarli repetitsiyalarini ham oʻtkazdilar.

Endi “Andijon” U21 musobaqaning 5-turida dam oladi.
“Andijon” matbuot xizmati.

Izoh qoldiring

 
Biz bilan aloqa

Assalomu alaykum, Sizning mamnunligingiz bizning ustuvor vazifamiz, biz sizning savollaringizga javob berishga tayyormiz...