Demir Imeri: “Andijon”dan qoʻngʻiroq qilishganida u yerda oʻynashga tayyor ekanligimni aytdim”

Maʼlumki, qishki seleksiya chogʻida “Andijon” tarkibiga yangi qoʻshilgan oʻyinchilar orasida makedoniyalik legioner Demir Imeri ham bor. Tajribali yarim himoyachi Antaliyada “Burgutlar” bilan shartnoma imzolagan va rasman “Andijon”ning yangi aʼzosiga aylangan.

-Demir, “Andijon” klubiga xush kelibsiz! Oʻzbek futboli haqida nimalarni eshitgansiz?

-Avvalambor, meni juda iliq kutib olishgani uchun katta rahmat. Oʻzbekistonda futbol yuqori suratlarda taraqqiy etmoqda. Kundan-kunga jadallik bilan oʻsib boryapti. Bu futbol oʻynash uchun juda yaxshi mamlakat ekanligini eshitdim.

-Adashmasam, oxirgi klubingiz Qozogʻistonning “Atirau”si boʻlgan. Ayting-chi, siz uchun “Andijon” klubiga oʻtish faoliyatingizda oldinga tashlangan qadammi?

-Haqiqatan toʻgʻri. Mening oxirgi klubim Qozogʻistonning “Atirau” jamoasi boʻlgan. Lekin men Oʻzbekiston va uning chempionati toʻgʻrisida juda yaxshi maʼlumotlar eshitdim va yurtingizga kelishga qaror qildim. Oʻylaymanki, bu faoliyatimda oldinga tashlangan qadam boʻldi, deb hisoblayman.

-Demir, sizga aynan “Andijon”dan taklif boʻlishini kutmaganmidingiz yoki faoliyatingizni Oʻzbekiston chempionatida davom ettirish rejangizda bormidi?

-Meni oldimda bir qator xorij davlatlaridan variantlar bor edi. Lekin men Osiyoda toʻp surishni xohladim va meni Oʻzbekiston juda ham qiziqtirdi. Menga “Andijon”dan qoʻngʻiroq qilishganida u yerda oʻynashga tayyor ekanligimni aytdim.

-Ilgari ham sizga yurtimizdan qiziqishlar boʻlganmi?

-Muzokaralar boʻlgan. Lekin hech nima rasmiylashmagan.

-Oʻzingiz uchun raqam tanlab oldingizmi?

-Aytishim mumkinki, 31 men uchun omadli raqam.

-“Andijon” siz uchun yangi jamoa va bu yerda sizga koʻproq nima yoqyapti?

-Meni hamma juda yaxshi kutib oldi. Jamoa bilan Antaliyada boʻldim. Klubda oʻzimni juda qulay, Xudoga shukurki, xuddi oʻz uyimda yurgandek his qildim.

-Demir Imeri yangi mavsum uchun tayyormi? Chunki muxlislarimizning sizdan umidi katta…

-Yaqinlashib kelayotgan yangi mavsum oldidan motivatsiyaga toʻlaman. “Andijon” klubini juda ajoyib fanatlari borligini koʻrdim. Bunday muxlislar qarshisida tezroq maydonga tushishni sabrsizlik bilan kutyapman. Bunday jonkuyar ishqibozlar qarshisida toʻp surish men uchun juda qulay va qiziqarli.

-Bu yerga kelishdan avval jamoa haqida nimalarni bilib oldingiz?

-U yerda futbolni nihoyatda yaxshi koʻrishlarini eshitdim. Muxlislar doimo sevimli jamoasi bilan birga ekan. Andijonga tezroq borib, yanada koʻproq maʼlumotlar ega boʻlishni va gʻalabalarga oʻz hissamni qoʻshishni istayman.
“Andijon” matbuot xizmati.

Sharhlar (1)

  1. nematjonovjasurbek315

    Transfer narxlarini aytib o`tmaysizlarmi. Bizda xali xam ochiq ma`lumotlar kam

Izoh qoldiring

 
Biz bilan aloqa

Assalomu alaykum, Sizning mamnunligingiz bizning ustuvor vazifamiz, biz sizning savollaringizga javob berishga tayyormiz...