“Andijon”ni yaxshi va ajoyib muxlislarga ega klub deb eshitganman” – SSKAdan taklif etilgan Luka Zgurskiy bilan intervyu

“Andijon” safiga yangi qoʻshilgan futbolchilar orasida SSKA klubi tarbiyalanuvchisi, isteʼdodli hujumchi Luka Zgurskiy ham borligini bilasiz. Rossiyalik futbolchi faoliyatida yangi sahifa ochildi va “Andijon”da nimalarga qodirligini koʻrsatmoqchi. Shu bilan birga u yangi sarguzashtlarga ham tayyorlanmoqda. Luka “Andijon” matbuot xizmatiga ilk intervyusi berdi.

-Luka, siz endi rasman “Andijon” aʼzosisiz. Yangi klubda oʻzingizni qanday his qilyapsiz?

-Oʻzimni bu yerda aʼlo darajada his qilyapman. “Andijon”dek klubda oʻynashdan xursandman.

-Oldin “Andijon” haqida nimalarni eshitgansiz?

-Aytishim mumkinki, “Andijon” jamoasini yaxshi va ajoyib muxlislarga ega klub deb eshitganman.

-Luka, ayting-chi, SSKA klubidagi faoliyatingiz qanday kechdi?

-SSKAda turli xil yaxshi va buning aksi oʻlaroq yoqimsiz damlar ham boʻlgan. Har qanday holatda ham shu darajaga yetishimda mazkur jamoaning hissasi katta ekanligini taʼkidlab oʻtmasam boʻlmaydi.

-“Andijon”ga koʻchib oʻtishingizda SSKA va umuman u yerdagilarning munosabati qanday boʻldi?

-Muxlislar va oʻyinchilarning munosabati turlicha boʻldi. Lekin koʻpchilik bu tanlovimni qoʻllab-quvvatladi.

-Siz hujumchisiz. Tabiiyki, muxlislar sizdan koʻp narsa kutishadi. Oʻtgan yili Rubin Xebay eng yaxshi toʻpurar boʻlgandi. Uning oʻrnini egallashga tayyormisiz?

-Iloji boricha tezroq oʻzimga bildirilgan ishonchni oqlashga harakat qilaman. Shu bilan birga toʻpurar boʻlishga va fursati kelganida himoyadagi sheriklarimga ham yordamlashishga harakat qilaman.

-Adashmasam, siz ilgari ham Oʻzbekistonga kelgansiz-a?

-Ha, oldin Rossiya U21 tarkibida Oʻzbekistonda – Buxoro shahrida boʻlib, ikkita oʻrtoqlik uchrashuvida maydonga tushganman.

-Siz va Maksim Sarraf SSKAdan “Andijon”ga qoʻshilganinglardan soʻng “Sport Ekspress” nashri men bilan aloqaga chiqdi va bu transferlarga qiziqishdi. Rossiyalik jurnalistlar ham bu masalada sizlar bilan bogʻlanishgandir…

-Ha, rossiyalik jurnalistlar bu oʻtishim qanday amalga oshgani bilan qiziqishdi.

-Asosiy maqsadingiz nima?

-Maqsad – “Andijon” tarkibida iloji boricha koʻproq sovrin va unvonlarga ega boʻlish. Albatta, jamoa uchun foydasi tegadigan futbolchi boʻlishga va koʻproq gollar urishga, toʻpurarlar poygasiga kirishga harakat qilaman.

-Qaysi raqamni tanladingiz?

-Oʻzimga 51-raqamni oldim.

-“Andijon” jamoasiga moslashuv jarayoni qanday kechyapti?

-Moslashish jarayoni zoʻr oʻtmoqda va buning uchun oʻyinchilarga, klub rahbariyati va xodimlariga minnatdorlik bildiraman.

“Andijon” matbuot xizmati.

Sharhlar (1)

  1. Khusan Khan

    Только вперёд Згурскийжан. Андижон жамоасида ўзи ўрнингни топиб Топ чемпионатларга тортадиган ва Топ даражадаги ўйинчи бўлишинга тилакдошмиз. Андижонлик мухлислар сен билан

Izoh qoldiring

 
Biz bilan aloqa

Assalomu alaykum, Sizning mamnunligingiz bizning ustuvor vazifamiz, biz sizning savollaringizga javob berishga tayyormiz...