“Andijon” Tojikiston terma jamoasi hujumchisi bilan kelishuvga erishdi

Qishki seleksiya ishlarini izchillik bilan davom ettirayotgan jamoamiz rejaga binoan kerakli pozitsiyalarga kerakli oʻyinchilarni taklif qildi va oxirgi paytlarda hujum chizigʻini kuchaytirish maqsadida yangi futbolchilar jalb etilayotganidan xabardorsiz. Bunga qadar oldingi chiziq vakillari sifatida Rustam Turdimurodov hamda rossiyalik Luka Zgurskiyning transferlari eʼlon qilindi.

Bu hali hammasi emasdi. Muxlislarimiz uchun yana bir xushxabar shundan iboratki, jamoamiz safiga yana bir yangi legioner hujumchi qoʻshildi. Tojikiston milliy terma jamoasi aʼzosi hisoblangan Shaxram Samiyev bilan rasman shartnoma imzolandi. Kelishuv muddati 3 yilga moʻljallangan.

Maʼlumot uchun, Samiyev 2001-yilning 8-fevral kuni tavallud topgan. Uning oxirgi klubi Moldovaning “Milsami” jamoasi hisoblanadi.Shaxram faoliyatini Tojikistonda boshlagan. Dastlab “Barkchi”, keyin SSKA (Dushanbe)da oʻynadi. Soʻngra, 2019-yili “Istiqlol”ga koʻchib oʻtdi. Shundan soʻng Shaxram Samiyev Rossiyaning “Rubin” klubi aʼzosiga aylandi. Tojikistonlik hujumchining keyingi manzili Moldova chempionati boʻldi. U yerda “Sherif”, “Dinamo-Avto”, “Zimbru” va “Milsami” sharafini himoya qildi. Bundan tashqari, Belarus chempionatida “Torpedo-Jodino” va “Isloch” klublarida ham toʻp surgan.

Shaxram Tojikistonning turli yoshdagi termalarida ham oʻynagan va hozirda u milliy terma jamoaning muhim futbolchilaridan biri hisoblanadi. Samiyev Tojikiston termasida hozirga qadar 27 ta uchrashuvda 7 ta gol urdi. Yaqinda Qatarda boʻlib oʻtgan Osiyo Kubogida Samiyev Tojikiston terma jamoasi sharafini himoya qildi.

Shaxram, “Andijon”ning ahil oilasiga xush kelibsan!

“Andijon” matbuot xizmati.

Sharhlar (1)

  1. Khusan Khan

    Чинакам мухлисни хурсанд қилади бундай янгиликлар. Шахрамга жамоамиз ишонди ва албатта мухлислар хам. Шахрам жамоамиздаги фаолиятинга омад. Ин Шаа Аллох тез киришиб кетасан

Izoh qoldiring

 
Biz bilan aloqa

Assalomu alaykum, Sizning mamnunligingiz bizning ustuvor vazifamiz, biz sizning savollaringizga javob berishga tayyormiz...