“Taklifni eshitib xursand boʻldim” – jamoamizning yangi aʼzosi – Rustam Turdimurodov

“Andijon”ning joriy yilgi transfer siyosati iqtidorli, kelajagi bor boʻlgan oʻyinchilarni jalb etishga ham qaratilgan va seleksiyada ushbu jihatga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Bunga misol tariqasida Rustam Turdimurodovni tilga olish mumkin. Oʻtgan yili Belarusning “Energetik-BGU” jamoasida toʻp surgan hujumchi “Paxtakor” klubi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi.

Qolaversa, u oʻtgan yili Argentinada oʻtgan U20 jahon chempionatida ham terma jamoamiz sharafini himoya qilgan. Bu esa uning iqtidoridan darak.

Hozirda 19 yoshda, bir necha oydan soʻng 20 yoshni qarshilaydi. Tirishqoq va mehnatkash futbolchining faoliyatida endi yangi sahifa ochilmoqda. Turdimurodovni “Andijon”da oʻz soʻzini aytishiga ishonamiz. Futbolchi esa klub matbuot xizmatiga oʻzi va yangi maqsadlari haqida gapirdi.

-Rustam “Andijon” klubiga xush kelibsiz! Avvalo, futbolga kirib kelishingiz qanday yuz bergan, kim sababchi boʻlgan?

-Avvalambor, Andijon ahliga va jamoa muxlislariga Assalamu alaykum! Futbolga kirib kelishimga oilam, koʻproq dadam sababchi boʻlgan. Dadam professional futbolchi boʻlishni istagan, lekin bu nasib qilmagan. Shuning uchun meni futbolchi boʻlishimni istaganlar.

-Faoliyatingizning boshlanishi qanday yuz bergan?

-Birinchi murabbiyim (Rahmatli – Sarvar aka Sharipov, ukasi Sherzod aka Sharipov) yordamida “Paxtakor” akademiyasiga oʻtdim. U yerda Olim aka Shokirov tarbiyasini oldim. Aynan Olim aka Shokirov yordamida “Paxtakor” U19, U21 va asosiy tarkibga chiqdim .

-“Andijon” jamoasiga koʻchib oʻtdingiz. Bu taklifni ilk bor eshitganingizda qanday reaksiya bildirdingiz?

-Reaksiya ajoyib va ijobiy tarzda boʻldi. Oʻzim ham taklifni eshitib, xursand boʻldim.

-“Andijon”da oʻz oldingizga qanday maqsad qoʻydingiz?

-Albatta, jamoamga yordam berish. Buning uchun bor imkoniyatimni ishga solaman.

-Hujumchi sifatida nechta gol urishni moʻljallayapsiz?

-Hali Superligada debyut golimni urmadim. Ammo “Andijon”da gollar urib muxlislarning qalbidan joy olmoqchiman. Xudo xohlasa, qancha imkonyat boʻlsa, shundan foydalanib, koʻproq gol urishga harakat qilaman.
“Andijon” matbuot xizmati.

Izoh qoldiring

 
Biz bilan aloqa

Assalomu alaykum, Sizning mamnunligingiz bizning ustuvor vazifamiz, biz sizning savollaringizga javob berishga tayyormiz...