“Andijon” oxirgi nazorat uchrashuvini oʻtkazdi

Bugun jamoamiz yangi mavsum uchun tayyorgarlik jarayonidagi oxirgi oʻrtoqlik uchrashuvida ishtirok etdi. Oldin xabar berganimizdek, sparring-raqib “Dinamo” klubi boʻldi. Oʻyin oldidan yomgʻir yogʻishni boshladi va futbolchilar uchrashuvni aynan yomgʻir ostida oʻtkazdilar. Lekin bu holat jamoalarga u qadar halaqit qilgani yoʻq. Darvoqe, uchrashuv “Odil Junior” nomidagi futbol akademiyasi sunʼiy maydonida boʻlib oʻtdi.

Oʻyin juda qiziqarli hamda keskin hujumlarga boy oʻtdi. “Andijon” futbolchilari bahs boshidanoq tashabbusni oʻz qoʻliga olib, raqib darvozasi oldida birin-ketin xavfli hujumlarni uyushtira boshladi. Futbolchilar oʻyindan-oʻyinga ancha shakllanib borayotgani bugungi bellashuvda yaqqol koʻrindi va albatta ijobiy holat.

Uchrashuv davomida jamoamizda gol urish uchun juda qulay imkoniyatlar boʻldi. Luka Zgurskiy, Sherzod Esanov, Farhod Sohibjonov va yana boshqa oʻyinchilarimizning zarbalari juda xavfli chiqdi. Gohida darvozabon mahorat koʻrsatdi, yana baʼzida darvoza ustuni ularni goldan saqlab qoldi. Ayrim holatlarda esa toʻp darvozaning shundoq yonginasida oʻtib ketaverdi.

Ha, raqib jamoada ham ayrim holatlarda imkoniyatlar koʻzga tashlandi. Ammo himoyachilarimiz va darvozabonimiz oʻz vaqtida reaksiya koʻrsata oldilar. Oʻyin 0:0 hisobida yakunlandi. Yomgʻir yogʻib turganiga qaramasdan futbolchilar maydonda tinim bilmadilar. Bu xuddi Superliganing rasmiy maqomdagi oʻyini kabi kechdi, desak mubolagʻa qilmagan boʻlamiz.

Qolaversa, uchrashuvni tomosha qilish uchun bir qancha mutaxassislar ham kelishdi. Chunki bahs oʻrtoqlik maqomida boʻlsa-da, qiziqish anchagina edi. Shuningdek, maydon egasi, OʻFA birinchi vitse-prezidenti Odil Ahmedov ham oʻyinni bevosita stadionda kuzatib bordi.

Shu tariqa, jamoamiz qishki yigʻin doirasida oxirgi nazorat uchrashuvini oʻtkazdi. Endi barcha eʼtibor 3-mart kuni chempionatning dastlabki turida Olmaliqda OKMKga qarshi boʻlib oʻtadigan oʻyinga qaratiladi.

“Andijon” matbuot xizmati.

Sharhlar (2)

  1. Улугбек

    Амини ебтида а бу йил команда гол урадигон одам йук

  2. Азизхан

    Андижонни янги формасини хам кўрамизми реклама бор лекин амалда кўрмадик тақдимот хам бўлмади

Izoh qoldiring

 
Biz bilan aloqa

Assalomu alaykum, Sizning mamnunligingiz bizning ustuvor vazifamiz, biz sizning savollaringizga javob berishga tayyormiz...