“Axtam menga ”Andijon“ haqida juda ijobiy fikrlarni aytdi, Oʻzbekiston chempionati qiziqarli” yoxud Shaxram Samiyev bilan ilk intervyu

“Andijon” klubi qishki transfer oynasi paytida bir qator yangi futbolchilarni oʻz safiga qoʻshib oldi. Ularning orasida legionerlar ham bor boʻlib, Tojikiston milliy terma jamoasi hujumchisi Shaxram Samiyev bilan rasman shartnoma imzolanganini bilsasiz.

23 yoshli hujumchi yaqinda Qatardagi Osiyo Kubogida Tojikiston termasi sharafini himoya qildi. Klub ixtiyoriga qoʻshilgan Samiyev “Andijon” matbuot xizmatiga dastlabki intervyusini berdi.

-Shaxram “Andijon” jamoasiga xush kelibsiz! Sizni bu yerda koʻrib turganimizdan mamnunmiz. Klubdan taklif boʻlganini ilk bor qachon eshitdingiz va uni qabul qilishingizga asosiy sabab nima boʻldi?

-Agentim birinchi bor qoʻngʻiroq qilganida “Andijon” toʻgʻrisida aytdi. Rosti, ilk marotaba “Andijon” haqida terma jamoadagi jamoadoshim Axtam Nazarovdan soʻradim. Qanday jamoaligi haqida soʻradim. U menga klubning oʻzi va muxlislari ajoyib ekanini aytib berdi. Axtam bilan gaplashganimdan soʻng men agentlarimga bu taklifga roziligimni aytdim va bu yerga kelishga qaror qildim.

-Tojikiston terma jamoasi safida Osiyo Kubogidagi ishtirokingizni koʻrdik. Bu musobaqa tojikistonlik futbolchilar uchun ajoyib tramplin boʻldi. Aynan Osiyo Kubogidan soʻng klubingizni oʻzgartirish haqida oʻyladingizmi?

-Ha, biz Osiyo Kubogida yaxshi qatnashdik. Bu jamoaviy oʻyinning mehnati va samarasi. Bizning jamoada yosh va iqtidorli oʻyinchilar ham bor edi. Ushbu musobaqa balki ularga keyingi faoliyatida tramplin vazifasini oʻtaydi. Men transfer oynasi yopilishi arafasida oʻzimni boshqa klubda sinab koʻrishga qaror qildim. Oʻzbekiston chempionati juda qiziqarli. Superligada 14 ta jamoa qatnashadi. Yaxshi sharoitlar yaratilgan. Men shularni inobatga olib bu yerga keldim va qarorimdan xursandman.

-Tojikiston Osiyo Kubogida syurpriz koʻrsata oldi. Bunday natijani kutmaganmidingiz yoki…

-Biz har bir oʻyinni final kabi oʻtkazdik. Musobaqadagi birinchi uchrashuvda Xitoyga qarshi oʻynadik. Yaxshi raqib edi. Shu uchrashuvdan keyin har bir bahsda munosib kurasha olishimizni bildik. Mehnat qilib oʻynashimiz mumkinligini isbotlay oldik. Shu asnosida biz tarixda ilk bor chorak finalgacha yetib bordik. Bu Tojikiston xalqi uchun haqiqiy bayram edi.

-Ha, sizlarda yarim finalga chiqish imkoniyati bor edi. Lekin chorak finalda Iordaniyaga magʻlub boʻldinglar. Oʻsha bahsda Tojikiston termasiga motivatsiya yetishmadimi?

-Bizda oʻyindan avval motivatsiya juda yaxshi edi. Hattoki, chempionatdan oldin ham shunday edi. Bu taqdir. Bu shunday oʻyin ediki, kim birinchi gol ursa, oʻsha jamoa gʻalaba qozonardi.

-Tojikiston termasi bosh murabbiyi boʻlib ishlagan Petr Segrtning ketishiga munosabatingiz qanday boʻldi? Masalan, biz buni kutmagandik…

-Biz ham albatta buni kutmagandik. Tabiiyki, bundan xursand boʻlmadik. U Tojikiston terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi murabbiylardan edi. Unga keyingi faoliyatiga omad tilaymiz.

-Siz oʻsha Iordaniyaga qarshi oʻyinda jarohat olib maydonni erta tark etdingiz. Oʻshanda nima boʻldi va hozir holatingiz qanday?

-Ha, bunday jarohatlar har bir futbolchining faoliyatida roʻy berishi mumkin. Oʻsha paytda mushaklarimni tortib oldim. Bu jiddiy emas. Hozir hammasi joyida. Tez kunlarda umumiy mashgʻulotlarga qoʻshilaman, deb umid qilaman.

-Suhbatimizni yana “Andijon” klubi bilan davom ettiramiz. Oʻtgan yili jamoamizda vatandoshingiz Axtam Nazarov toʻp surdi. Yuqorida u bilan gaplashganingiz haqida aytib oʻtdingiz. Jamoamiz toʻgʻrisida yana qanday maʼlumotlarga ega edingiz?

-Ha, men oldin ham “Andijon” haqida bilardim. Oʻtgan yili jamoaning oʻyinlarini koʻrdim va uning ishqibozlarini yaxshi bilaman. Axtam bilan suhbatda ham menga yaxshi klub ekani haqida gapirib oʻtdi. Nazarov bizning sardorimiz. U yaxshi futbolchi va hayotda ham yaxshi inson.

-“Andijon”da 99-raqamni oldingiz. Oʻtgan yili bu raqam ostida kim oʻynaganini bilasizmi? Umuman olganda, nima uchun 99-raqamni tanladingiz yoki sizga yoqadimi?

-Bungacha bilmasdim. Ammo bu yerga kelganimdan soʻng Rubin haqida eshitdim. 14 ta gol urganligi toʻgʻrisida bildim. Men 99-raqamni aynan uning uchun tanlamadim. Shunchaki, boʻshligi uchun tanladim va menga bu raqam yoqadi.

-Aytmoqchimanki, oʻtgan mavsumda Xebay ushbu raqamda toʻp surdi va jamoaning eng yaxshi toʻpurari boʻlgandi. Endi muxlislarning sizdan ham umidi katta va koʻp narsa kutishadi. Maqsadingiz qanday va ishqibozlarga nima deya olasiz?

-Har bir oʻyinchining maqsadi yangi klubga oʻtganida yaxshi oʻyinlar koʻrsatib, yanada yuqori maqsadlarni oldiga qoʻyadi. Menda ham yuqori maqsadlar bor va jamoamiz bilan shunday vazifani qoʻyamiz. Ishqibozlarni gʻalabalarimiz bilan kayfiyatini yanada koʻtarishga harakat qilamiz.

-Sizga Oʻzbekistondan avval ham takliflar boʻlganmi?

-Belarus chempionatida toʻp surishimdan avval menga Oʻzbekistondan ikki marta chaqiruv boʻlgan. Men oʻsha paytda Belarus klubi variantini tanlaganman.

-Oʻtgan yili “Milsami” bilan yevrokuboklar doirasida Turkiyaning “Fenerbaxche” klubiga qarshi oʻynagansiz. U yerda koʻzga koʻringan futbol yulduzlari orasida Edin Jeko ham bor edi. Jeko faoliyatingiz davomida siz unga qarshi oʻynagan eng mashhur futbolchimi?

-Ha, Turkiyada birinchi marta bunday katta atmosferada oʻynadim. Edin Jeko jahonning eng kuchli hujumchilaridan biri ekanini bilamiz. Bundan tashqari, terma jamoa miqyosida koʻplab tajribali oʻyinchilarga qarshi ham oʻynaganman.

-Shaxram, “Andijon” bilan shartnoma imzolab, rasman eʼlon qilganimizdan soʻng sizni birinchi boʻlib kim tabrikladi?

-Yaxshi savol (kuladi). Dastlab onam, oilam va yaqinlarim tabrikladilar.

-Shuningdek, klub bilan uch yillik shartnoma imzoladingiz. Bu faoliyatingizda eng katta muddatli kelishuvmi?

-Ha, menga uch yillik shartnoma taklif qilishdi. Lekin men bu haqida ortiqcha oʻylaganim yoʻq va oʻzimni nimalarga qodirligimni koʻrsatishga harakat qilaman. Shuning uchun men shartnoma muddatiga ahamiyat berganim yoʻq. Umid qilamanki, hammasi yaxshi boʻladi.
“Andijon” matbuot xizmati.

Izoh qoldiring

 
Biz bilan aloqa

Assalomu alaykum, Sizning mamnunligingiz bizning ustuvor vazifamiz, biz sizning savollaringizga javob berishga tayyormiz...