Albatta, oʻqing: “Andijon”ning Oʻzbekiston chempionatlari tarixidagi ilk goli mualliflari kimlar?

Bugun “Andijon” klubi “Mavsum-2024”dagi dastlabki oʻyinini safarda OKMK klubiga qarshi oʻtkazadi. “Andijon” matbuot xizmati muxlislar uchun yana bir qiziq statistik maʼlumotni taqdim etadi.

Oʻzbekiston milliy chempionatlari tarixida 1992-yildan beri “Andijon”ning ilk goli muallifi kimlar boʻlgani sizni qiziqtirishiga aslo shubhamiz yoʻq. Jamoamizning Superliga\oliy ligadagi birinchi goli muallifi Boris Bakanov hisoblanadi. Uni yoshi katta, zukko ishqibozlar juda yaxshi eslashadi.

Shuningdek, andijonlik sobiq futbolchi, uzoq yillar jamoa uchun mehnati singgan Rustam Abdiyev ketma-ket ikki marta chempionatning dastlabki gollarini kiritgan. Yarim himoyachi boʻlishiga qaramay, 1994 va 1995-yilgi mavsumlarda aynan Abdiyev “Andijon”ning ilk gollariga mualliflik qilgan. Bu borada hozircha Rustam Abdiyev tanho. Negaki, klub tarixida hali hech bir oʻyinchi birin-ketin ikki mavsumda birinchi golni kiritmagan.

Bundan tashqari, litvalik sobiq hujumchi Arturas Fomenko 2008-yili “Andijon” tarkibida mavsumning ochilish uchrashuvida “Metallurg” darvozasini ishgʻol qilgan. Oradan ikki yil oʻtib, u olmaliqliklar safida chempionatning birinchi uchrashuvini Andijonda sobiq klubiga qarshi oʻtkazgan hamda avtogol evaziga jamoamizning ilk golini urib bergan.

Yana bir qiziq holat, 2003-yili Farid Xabibulin “Andijon” tarkibida “Doʻstlik” darvozasini ishgʻol qilgan. 2004-yilning ilk oʻyinida esa oʻsha Xabibulin “Soʻgʻdiyona” safida “Andijon”ga gol urgan.

Qolaversa, “Andijon”ning chempionatdagi ilk gol oʻzini uzoq kuttirgan mavsum 2014-yilga toʻgʻri keladi. Oʻshanda hujumchi Anvar Rajabov 5-turda “Dinamo” darvozasini ishgʻol qilish orqali “Andijon”ning chempionatdagi ilk golini kiritgan.

“Andijon”ning chempionatlarimizdagi ilk goli mualliflari roʻyxati

1992-yil – Boris Bakanov. 1-tur, safarda, “Nurafshon” darvozasiga;
1993-yil – Ismoil Malikov. 1-tur, safarda, “Nurafshon” darvozasiga;
1994-yil – Rustam Abdiyev. 1-tur, safarda “Nurafshon” darvozasiga;
1995-yil – Rustam Abdiyev. 2-tur, safarda “Politotdel” darvozasiga;
1996-yil – Shuhrat Nazirov. 1-tur, safarda “Kosonsoy” darvozasiga;
1997-yil – Tohir Moʻminov. 1-tur, safarda “Chilonzor” darvozasiga;
1998-yil – Otabek Qilichev. 2-tur, uyda “Buxoro” darvozasiga;
1999-yil – Zaxriddin Akbarov. 1-tur, uyda “Soʻgʻdiyona” darvozasiga;
2000-yil – Ulugʻbek Asanboyev (avtogol). 1-tur safarda “Paxtakor” darvozasiga;
2001-yil – Shavkat Abdurahmonov. 1-tur, safarda “Turon” darvozasiga;
2002-yil – Akrom Sidiqov. 1-tur, safarda “Soʻgʻdiyona” darvozasiga;
2003-yil – Farid Xabibulin. 1-tur, uyda “Doʻstlik” darvozasiga;
2004-yil – Shuhrat Yusupov. 1-tur, safarda “Soʻgʻdiyona” darvozasiga;
2006-yil – Baxtiyor Hamidullayev. 3-tur, uyda “Traktor” darvozasiga;
2007-yil – Yaroslav Krushelniskiy. 1-tur, uyda “Shoʻrtan” darvozasiga;
2008-yil – Arturas Fomenko. 1-tur, uyda “Metallurg” darvozasiga;
2009-yil – Mirzakamol Kamolov. 3-tur, safarda “Nasaf” darvozasiga;
2010-yil – Arturas Fomenko (avtogol). 1-tur, uyda “Olmaliq” darvozasiga;
2011-yil – Olim Novkarov. 2-tur, uyda “Mashʼal” darvozasiga;
2012-yil – Adham Nurmuhammedov. 1-tur, safarda “Metallurg” darvozasiga;
2014-yil – Anvar Rajabov. 5-tur, uyda “Dinamo” darvozasiga;
2015-yil – Rustam Aʼzamov. 1-tur, safarda “Nasaf” darvozasiga;
2016-yil – Nemanya Yovanovich. 1-tur, safarda “Paxtakor” darvozasiga;
2019-yil – Oybek Qilichev. 1-tur, safarda “Qizilqum” darvozasiga;
2020-yil – Jamshid Hasanov. 1-tur, safarda “Lokomotiv” darvozasiga;
2021-yil – Doniyor Ismoilov. 2-tur, uyda “Surxon” darvozasiga;
2023-yil – Sardor Abdunabiyev. 1-tur, safarda “Nasaf” darvozasiga;

Xoʻsh, bu yil “Andijon”ning dastlabki gol muallifi kim boʻlarkin? Buni tez orada bilib olamiz.
“Andijon” matbuot xizmati.

Izoh qoldiring

 
Biz bilan aloqa

Assalomu alaykum, Sizning mamnunligingiz bizning ustuvor vazifamiz, biz sizning savollaringizga javob berishga tayyormiz...