Aleksandr Xomyakov: “Asosiysi, safarda bir ochkoni qoʻlga kiritdik”

OKMK – “Andijon” (0:0) oʻrtasidagi uchrashuvdan keyin tashkil qilingan matbuot anjumanining birinchi qismida jamoamiz bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov ishtirok etdi.

-Barcha muxlislarni, OKMK va “Andijon” jamoasini ham yangi mavsum boshlangani bilan tabriklab qolaman. Aytishim mumkinki, har bir jamoani koʻzlagan maqsadi doim ham amalga oshavermaydi. Umumiy maʼnoda aytganda, hissiyotlarga boy oʻtgan oʻyindagi natija yaxshi boʻldi, deb oʻylayman. Jangovar oʻyin kechdi. Hamma hissiyotlarga berildi, hatto menda ham oʻyin davomida hissiyotlar yuz berdi. Oʻz oʻrnida jamoamdan gʻalaba kutgandim. Gʻalaba ishtiyoqida maydonga tushgandik. Biz oʻylagan reja amalga oshmadi. Hujumlarimiz yomon boʻlmadi. Ammo koʻzlagan natijaga erisha olmadik. Bir marta himoyachining xatosi tufayli yaxshi imkoniyatga ega boʻlgandik va gol urishimiz mumkin edi. Afsuski, foydalana olmadik. Raqib ham xavfli vaziyatlarni tashkil qildi. Darvozabonimiz esa yaxshi harakat qildi. Bu oʻyinga baho berish ancha qiyin. Chunki xotirjam boʻlib, oʻyinni boshidan koʻrib chiqish kerak. Asosiysi, safardagi uchrashuvda bir ochkoni qoʻlga kiritdik va oldinga intilishda davom etamiz.

-Demak, bugungi natijadan qoniqdingizmi?

-Ha, natijadan qoniqdim. Ikkinchi taymda raqib bir qator hujumlarni uyushtirdi. Biz bunda yaxshi himoyalandik va qarshi hujumlarda oʻynashga harakat qildik. Yigitlar xarakter koʻrsatib, topshiriqlarimni bajarishgani uchun xursandman. Hisobni saqlab qoldik va bir ochkoga ega boʻldik.
“Andijon” matbuot xizmati.

Izoh qoldiring

 
Biz bilan aloqa

Assalomu alaykum, Sizning mamnunligingiz bizning ustuvor vazifamiz, biz sizning savollaringizga javob berishga tayyormiz...