“Andijon” va uning muxlislarida bayramona kayfiyat yoxud taqdimot marosimi oʻtkazildi

Nihoyat, Andijonga ham katta futbol bayrami kirib keldi. Ashaddiy va sifatli muxlislari bilan ajralib turadigan “Andijon” klubi 10-mart kuni “Bobur Arena”da yangi mavsumdagi birinchi uchrashuvini oʻtkazadi. Toshkentning “Bunyodkor” jamoasiga qarshi boʻlib oʻtadigan bahsni andijonliklar katta qiziqish bilan kutishmoqda.

Odatda har mavsum oldidan jamoa aʼzolari bilan muxlislar oʻrtasida oʻziga xos uchrashuv tashkil etiladi va buni yana bir nomi taqdimot marosimi deb ham ataladi. “Burgutlar” birinchi turni safarda OKMKga qarshi oʻtkazgach, jamoa aʼzolari oʻz qarorgohida ikkinchi turga tayyorgarlikni boshlagandi. 10-mart sanasi yaqinlashgani sari futbol kayfiyati ham yanada koʻtarilib borayotganini muxlislar yaxshi his qilib turishibdi. Shu maqsadda 9-mart sanasida “Andijon qishloq xoʻjaligi va agrotexnologiyalar” institutining anjumanlar zalida aynan taqdimot marosimi oʻtkazildi.

Zal muxlislar bilan toʻlib-toshdi. “Andijon” jamoasini sogʻinishgani shundoq sezilib turardi. Jamoa aʼzolarini katta shodiyona va xursandchilik bilan qarshi olishdi. Bu esa futbolchi va murabbiylarga oʻzgacha kayfiyat bagʻishladi.

Andijon viloyati hokimi oʻrinbosari Komiljon Sobirjonovich Komilov soʻzga chiqib, viloyat hokimining jamoaga qarayotgan eʼtibori va qoʻllab-quvvatlovini alohida eʼtirof etgan holda yangi mavsumda “Andijon”ga omad tiladi. Butun mavsum mobaynida futbolchilardan ijobiy natijalar kutishini, hamma vaqt muxlislarni xursand qilishlari muhimligi va oʻz navbatida barcha shart-sharoitlar yaratilishini qoʻshimcha qilib oʻtdi.

Shundan soʻng “Andijon”ning yangi futbolchilari birma-bir tanishtirildi va ularga oʻz raqamlari tushirilgan futbolkalar topshirildi. Jumladan, Sherzod Esanov №7, Bektemir Abdumannonov №71, Demir Imeri №31, Sunnatilla Abdullajonov №11, Maksim Sarraf №35, Marlen Chobanov №4, Rustam Turdimurodov №77, Luka Zgurskiy №51 va Shaxrom Samiyev №99-raqamlarni qabul qilib oldilar.

Qolaversa, “Andijon” bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov ham tadbir davomida soʻzga taklif qilindi. Tajribali mutaxassis avvalo, barchani yangi futbol mavsumi boshlangani bilan qutladi. Jamoa aʼzolari masʼuliyatni chuqur his qilib turganligi, albatta, muxlislarni xursand qilish asosiy vazifa ekanligi, mavsumni muvaffaqiyatli oʻtkazish uchun bor kuch va imkoniyatlarni ishga solishini alohida taʼkidladi.

Shuningdek, “Andijon” klubi rahbariyatidan, jumladan jamoa bosh homiysi – “Uzavtosanoat” AJ vakili Rustam Abdurashidovich Mamajonov ham futbol ishqibozlarini yangi mavsum starti bilan tabriklar ekan, “Andijon”ning bir necha yillik istiqbolli dasturi haqida toʻxtaldi. Klub akademiyasini tashkil qilish, bolalar futboliga eʼtiborni kuchaytirish uchun amaliy ishlar boshlanganligi va buning uchun Belarusdan malakali mutaxassislar taklif qilinganini aytib oʻtdi. Yaqin kelajakda “Andijon” tarbiyalanuvchilaridan Abbos Fayzullayev va yana shunga oʻxshash boshqa boʻlajak futbolimiz yulduzlari yetishib chiqishiga umid qilgan holda klubni har tomonlama rivojlantirish borasida ishlar qilinayotganini ham bildirib oʻtdi. Shu bilan birga muxlislarni jamoamizni qoʻllab-quvvatlashi juda ham muhimligini eslatib oʻtdi va jamoamiz aʼzolariga omad tiladi.

Bundan tashqari, “Andijon” fan-klub raisi Nodir Toʻychiyev muxlislik madaniyatiga alohida eʼtibor qaratish muhimligini barchaga eslatib, har qanday holatda ham “Andijon” jamoasini faol tarzda qoʻllab-quvvatlash lozimligini aytib, barchani stadionga chorladi.

“Andijon” klubi sardori Ildar Mamatkazin esa jamoa nomidan viloyat hokimi Shuhratbek Qoʻshoqboyevich Abdurahmonovga futbolchilarning imzosi qoʻyilgan toʻp va 10-raqamli futbolkani taqdim etdi va bu sovgʻani viloyat hokimi nomidan oʻrinbosari qabul qilib oldi.

Bir soʻz bilan aytganda, “Andijon” klubining 2024-yildagi oʻz maydonida boʻlib oʻtadigan ilk uchrashuvi oldidan oʻtkazilgan taqdimot marosimi juda koʻtarinki kayfiyatda oʻtdi va bundan futbolchilar ham, muxlislar ham oʻziga yarasha motivatsiya oldilar.

“Andijon” matbuot xizmati.

Izoh qoldiring

 
Biz bilan aloqa

Assalomu alaykum, Sizning mamnunligingiz bizning ustuvor vazifamiz, biz sizning savollaringizga javob berishga tayyormiz...