“Bobur Arena”da fantastik muhit va natija ham shunga yarasha

“Andijon”ning “Bunyodkor”ga qarshi oʻzaro oʻyinlar statistikasida “Burgutlar”ga hali “Qaldirgʻochlar” ustidan gʻalaba qozonish nasib qilmayotgandi. Bu safar Aleksandr Xomyakov jamoasi qora anʼanasiga barham berdi.

10-mart sanasida “Bobur Arena”dagi oʻyinda kutilganidek qaynoq atmosfera shukuhi sezib yurdi. Bu andijonliklarning ushbu mavsumda oʻz maydonidagi birinchi, ochilish oʻyini edi.

Mezbonlar shu kuni har jihatdan mehmonlardan ustunligini amalda koʻrsata oldi. Gʻalabaga boʻlgan ishtiyoq va chanqoq futbolchilarda kuchli edi. Qolaversa, andijonlik ishqibozlarning jon berib qoʻllab-quvvatlashlari, oʻzgacha yaratilgan performanslari ham “Andijon” aʼzolariga qoʻshimcha kuch bagʻishladi. Natijada dastlabki 10 daqiqa yakunlanmasidanoq stadion maydon egalarining golidan larzaga keldi. Bu vaziyatda Bektemir Abdumannonov golning yaratilishida katta hajmdagi ishni bajardi. U maydon markazidan kirib keldi va raqiblarini ortda qoldirib, jarima maydoni ichidagi Luka Zgurskiyga toʻpni oshirdi. Oʻz navbatida rossiyalik hujumchi joriy mavsumdagi “Andijon”ning hamda oʻzining ilk golini kiritishga muvaffaq boʻldi.

32-daqiqada mehmonlar legioneri hisobni tenglashtirdi. Ammo ushbu gol inobatga olinishi uchun ancha vaqt kerak boʻldi. VAR hakamlari obdon tahlil qilishdi va yakunda gol inobatga olindi. Ammo ushbu jarayon davom etayotgan mahalda “Bunyodkor” maydonda bir kishi kam boʻlib qoldi. Usmonali Ismonaliyevga bosh hakam nooʻrin hatti-harakati uchun qizil kartochka koʻrsatdi. “Andijon” esa tezda vaziyatni oʻzgartira oldi. Burchak zarbasidan uzatilgan toʻpni himoyachi Vladimir Bubanya koʻkragi bilan darvozaga joylab qoʻydi. Hakam tomonidan toʻxtalishlar uchun birinchi boʻlimga 11 daqiqa vaqt qoʻshib berildi. Shuning ichida “Burgutlar” uchinchi golni ham kiritishdi. Standartdan keyin jarima maydoni ichida yana bir himoyachi Islom Mamatkazin darvozani ishgʻol qildi va u golini Makgregorcha nishonladi.
Tanaffusdan keyin ham tashabbusni oʻzida saqlab turgan “Andijon” qator golli imkoniyatlarga ega boʻldi.

Albatta, orada “Andijon” darvozaboni Igor Litovka ham raqibning zarbalarini qaytarib turdi. Lekin, baribir golga tortadigan oʻta xavfli hujumlar mezbonlar tomonidan sodir etildi. 85-daqiqada Muhammadkarim Toirov oʻzining chiroyli zarbasi bilan hisobni 4:1 ga yetkazgan boʻlsa, oradan koʻp oʻtmay zaxiradan oʻyinga qoʻshilgan legioner Armin Boshnyak ham joriy mavsumdagi ilk golini urdi va uchrashuvga nuqta qoʻydi. Umuman olganda, “Bobur Arena”da fantastik muhit boʻldi va natija ham shunga yarasha. “Andijon”ning har bir futbolchisi oʻzidan juda iliq taassurot qoldirdilar.

Qizigʻi, Boshnyak oʻtgan yili ham “Andijon”dagi dastlabki golini “Bunyodkor” darvozasiga kiritgan.
Bellashuvdan keyin “Andijon” futbolchilari tarixiy gʻalabasini jonkuyar muxlislari bilan birgalikda nishonladi va bunday onlar oʻzgacha zavqli onlarni taqdim etdi.

“Andijon” navbatdagi 3-turni 16-mart kuni Toshkentda “Surxon”ga qarshi oʻtkazadi. Ushbu uchrashuvda ham jamoamizga omad tilab qolamiz.

“Andijon” – “Bunyodkor” – 5:1 (3:1).
10-mart. Andijon. “Bobur Arena” stadioni. 10140 tomoshabin.
Hakamlar:
Aziz Asimov, Nikita Afinogenov, Shoxnur Yoʻldoshev.
Zaxira hakami: Isroil Imomnazarov
VAR: Ilgiz Tantashev
AVAR: Maksim Nexochin
“Andijon”: Igor Litovka, Islom Mamatkazin, Vladimir Bubanya (Ildar Mamatkazin, 86), Abduvohid Gʻulomov, Muhammadkarim Toirov, Sherzod Esanov, Sardor Azimov, Farhod Bekmuratov (Levan Arveladze, 69), Farhod Sohibjonov (Armin Boshnyak, 63), Bektemir Abdumannonov (Demir Imeri, 63), Luka Zgurskiy (Shaxrom Samiyev, 63).
“Bunyodkor”: Marin Lyubich, Mahmudjon Muhammadjonov, Najmiddin Normurodov (Farhod Oʻtkurov, 71), Samir Jelkovich, Muzaffar Olimjonov (Bilol Tupliyev, 77), Frane Kirjak (Rustam Azimov, 56), Usmonali Ismonaliyev, Azizbek Toʻlqinbekov, Mirjahon Mirahmadov (Rasul Yoʻldoshev, 46), Temurxoʻja Abduholiqov, Toni Yovich (Amir Toʻraqulov, 56).
Gollar: Luka Zgurskiy, 7- 1:0. Samir Jelkovich, 32 – 1:1. Vladimir Bubanya, 42 -2:1. Islom Mamatkazin, 45+5 – 3:1. Muhammadkarim Toirov, 85 – 4:1. Armin Boshnyak, 89 – 5:1.
Ogohlantirishlar: Sardor Azimov, 10. Abduvohid Gʻulomov, 71 – Temurxoʻja Abduholiqov, 64.
Chetlatish: Usmonali Ismonaliyev, 34.
“Andijon” matbuot xizmati.

Sharhlar (1)

  1. Khusan Khan

    Ишончимизни тўлиқ оқлаганлиги учун жамоамизга рахмат. Келгуси ўйинларда хам бана шундай ғалабалар ёр бўлсин. АНДИЖОН СЕН УЧУН БЕРАМИЗ ЖОН

Izoh qoldiring

 
Biz bilan aloqa

Assalomu alaykum, Sizning mamnunligingiz bizning ustuvor vazifamiz, biz sizning savollaringizga javob berishga tayyormiz...