Aleksandr Xomyakov: “Har bir oʻyinni xuddi final kabi oʻtkazamiz”

“Surxon” – “Andijon” (2:3) oʻrtasidagi uchrashuvdan keyin tashkil qilingan matbuot anjumanining birinchi qismida jamoamiz bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov jurnalistlarning savollariga javob berdi.

-Avvalambor, uzoq yoʻl bosib kelgan muxlislarimizni gʻalaba bilan tabriklayman. Bugungi oʻyindagi gʻalaba bilan jamoamizdagi barchani, futbolchilarni tabriklayman. Lekin uchinchi golni urganimizdan keyin xotirjamlikka berildik va oxirgi daqiqalar biz uchun yaxshi oʻtmadi. Bu holat biz uchun dars boʻldi. Oʻyinda gʻalaba qozonganimizdan xursandmiz.

-Bektemir Abdumannonov bu yil “Andijon”ning eng yaxshi transferi boʻldi. U koʻproq pas beruvchi rolni oʻynamoqda. Siz undan koʻproq qaysi xususiyati boʻyicha foydalanyapsiz? Chunki u hujumchi. Ammo “Andijon”da paslar orqali oʻyin namoyish qilyapti.

-Eʼtibor bergan boʻlsangiz, Abdumannonov hujumkor qanot yarim himoyasida oʻynamoqda. Lekin aytib oʻtish kerak, nafaqat Bektemir, balki butun jamoa himoyada ham, hujumda ham birdek oʻynayapti. Lekin kimnidir alohida taʼkidlab oʻtmagan boʻlardim. Butun jamoa ishlayapti. Har bir uchrashuv biz uchun katta ahamiyatga ega va biz oʻyinlarimizni final kabi oʻtkazmoqdamiz.

-“Andijon” ikkita oʻyinda 8 ta gol urdi va muhim gʻalabalarni qoʻlga kirityapti. Futbolda gʻalabalar aksincha taʼsir qilishi ham mumkin. Xaddan tashqari xotirjamlikka berilishi yoki boʻshashi kabi…”Andijon”ga mana shu gʻalabalar keyingi uchrashuvlarda qay tarzda taʼsir oʻtkazadi?

-Ha, albatta futbolda bunday holatlar kuzatib turiladi. Oʻz uyimizdagi birinchi uchrashuvda koʻp gollar urdik. Mana, hozir ham mehmonda uchta toʻp kiritdik. Lekin biz boʻshashmaymiz. Har bir chiziqqa eʼtibor beramiz. Jamoamizda yuqori potensial bor. Lekin hozircha 100 foizli potensialimizni koʻrsatganimiz yoʻq. Hujumda va himoyadagi oʻyinimizga eʼtibor berishimiz kerak. Ustimizda ishlashda davom etishimiz kerak. Yana qaytaraman: har bir bellashuvni xuddi final kabi oʻtkazamiz.

-Oʻtgan yili oʻzini koʻrsatgan Rubin Xebay klubni tark etdi va oʻrniga rossiyalik yosh hujumchi Luka Zgurskiy olib kelindi. U haqida fikringiz qanday? Luka Xebayning oʻrnini bosa oladimi?

-Ha, Xebay boshqa darajadagi hujumchi. Rubin bemalol golli imkoniyatlarni yuzaga keltira oladi. Lekin u ikkinchi davrada nechta gol urgandi?

-3 ta.

-U bugun gol ursa, ertaga buni bajara olmasligi mumkin. Biz ikkinchi davrada jamoaviy oʻyinga koʻproq eʼtibor qaratib, gʻalabalarimizni shuning asnosida qoʻlga kiritgandik. Ha, Xebay birinchi davrada koʻproq gol urdi va vaziyatlar yarata oldi. Lekin ikkinchi davrada aytganimdek, jamoaviy oʻyin evaziga gollar urdik va gʻalabalarga erishdik. Zgurskiy yosh va iqtidorli. U oʻzini koʻrsatishga harakat qilyapti. Oʻtgan turda gol ham urdi. Bizda 3 ta hujumchilar bor va ular istalgan paytda boshlangʻich tarkibda oʻyinni boshlashlari mumkin. Samiyev, Turdimurodov va yana yoshlar jamoamizdagi yosh hujumchini aytishim mumkin. Biz Xebayning oʻrnini ushbu hujumchilarimiz bilan yopmoqchimiz.
“Andijon” matbuot xizmati.

Izoh qoldiring

 
Biz bilan aloqa

Assalomu alaykum, Sizning mamnunligingiz bizning ustuvor vazifamiz, biz sizning savollaringizga javob berishga tayyormiz...