5 ta gol urilgan oʻyinda “Andijon” uch ochkoni qoʻlga kiritdi

Superliganing 3-turida “Andijon” Toshkentda “Surxon” klubiga qarshi maydonga tushdi. Oldindan mazkur qarama-qarshilikning ancha qiziqarli va shiddatli oʻtishi kutilgandi va amalda ham shunday boʻlib chiqdi.
Taʼkidlash joizki, uchrashuv Aleksandr Xomyakov jamoasi uchun yaxshi boshlandi va nazorat ham “Burgutlar” tarafida boʻldi. Uchrashuv boshlanganidan buyon “Andijon” jamoasida biroz ustunlik borligi sezilib turgandi va bu xavfli vaziyatlar orqali ham koʻzga tashlandi.

Masalan, Luka Zgurskiyning boshi bilan yoʻllagan zarbasi xavfli chiqdi. Keyin esa Farhod Sohibjonovning bir oʻzi raqiblarini aldab “Surxon” jarima maydoni ichiga kirib borib yoʻllagan zarbasini darvozabon bartaraf etdi. 36-daqiqada tinib-tinchimas Sohibjonov penalti ishladi. Uni raqib jarima maydoni ichida yiqitishdi va bosh hakam ikkilanmasdan 11 metrli jarima belgisini koʻrsatdi. Bu vazifani Sherzod Esanov bexato amalga oshirdi.

Ikkinchi boʻlim yanada qiziqarli kechdi va gollar ham koʻproq boʻldi. 50-daqiqada endi Farhod Sohibjonovning oʻzi gol urishga muvaffaq boʻldi. U standart vaziyatdan keyin toʻpni darvozaga aniq joylab qoʻydi. Tan olish kerak, shu kuni Farhod uchrashuvni juda faol va koʻtarinki ruhda oʻtkazdi. 73-daqiqa oʻtib borayotganida “Burgutlar” hisobni yiriklashtirishdi. Qanotdan uzatilgan pasni Shaxrom Samiyev bilan toʻp uchun kurashda “Surxon” himoyachisi oʻz darvozasiga kiritib yubordi.

Hisob 0:3 koʻrinishiga kelgach, deyarli barchada “Andijon”ning gʻalabasiga shubha qolmagandi. Lekin futbol 90 daqiqa davom etishini amalda isbotini koʻrdik. Chunki “Surxon” futbolchilari 82 va 90+4-daqiqalarda gol urishib, intrigani yanada kuchaytirdilar. Lekin “Andijon” baribir gʻalabani saqlab qolgan holda oʻz hisobiga navbatdagi uch ochkoni yozdirib qoʻydi. Andijonlik muxlislar esa doimgidek bu safar ham sevimli jamoasini yolgʻizlatib qoʻymadilar va butun bahs davomida qoʻllab-quvvatlab turdilar.

Uchrashuv yakunlangach, “Surxon” va “Andijon” futbolchilari – Yegor Krimes hamda Shaxrom Samiyev biroz qizishib ketishgani sababli hakam ularga qizil kartochka koʻrsatdi. Shu tariqa, “Andijon” “Surxon”ni safarda magʻlubiyatga uchratishning uddasidan chiqdi. Oxirgi bor 2003-yilda andijonliklar ushbu raqibi maydonida gʻalaba qozonishgandi. Xomyakov jamoasi birin-ketin qora anʼanalarga chek qoʻymoqda.

Oʻtgan turda “Bunyodkor”ni oʻz maydonida 5:1 hisobida magʻlub etdi. Bungacha “Burgutlar” ushbu raqibini yengga olmagandi. Bu safar esa Toshkentda “Surxon”ni nihoyat yengishga erishdi.

“Andijon” navbatdagi oʻyinini endi 30-mart sanasida oʻtkazadi. Shu kuni “Bobur Arena”da “Nasaf”ni qabul qiladi.

“Surxon” – “Andijon” – 2:3 (0:1).
16-mart. Toshkent. “Paxtakor” markaziy stadioni. 968 tomoshabin.
Hakamlar:
Asker Najafaliyev, Shoxruh Maqsudov, Adxamjon Rixsiboyev
Zaxira hakami: Nikita Mustafin.
VAR: Rustam Lutfullin
AVAR: Andrey Sapenko
“Surxon”: Dilshod Yoʻldoshev, Sunnatillo Xamidjonov, Aziz Pirmuhammadov (Behruz Shaydulov, 85), Doston Tursunov, Dmitriy Pletnev (Xumoyun Sherboʻtayev, 72), Diyor Ramazonov, Asad Karimov (Muhammadali Abdurahmonov, 56), Shoxjahon Sultonmurodov (Yegor Krimes, 56), Asilbek Jumayev (Sardor Mahmudov, 72), Jahongir Abdusalomov, Ulugʻbek Hoshimov.
“Andijon”: Igor Litovka, Abduvohid Gʻulomov, Vladimir Bubanya, Islom Mamatkazin, Sardor Azimov, Farhod Bekmuratov (Levan Arveladze, 46), Muhammadkarim Toirov (Ilhom Abdugʻaniyev, 46), Sherzod Esanov, Farhod Sohibjonov (Armin Boshnyak, 69), Bektemir Abdumannonov (Demir Imeri, 81), Luka Zgurskiy (Shaxrom Samiyev, 62).
Gollar: Sherzod Esanov, 36-pen. – 0:1. Farhod Sohibjonov, 50 – 0:2. Aziz Pirmuhammadov, 73-avt – 0:3. Muhammadali Abdurahmonov, 82 – 1:3. Xumoyun Sherboʻtayev, 90+4 – 2:3.
Ogohlantirishlar: Jahongir Abdusalomov, 10. Ulugʻbek Hoshimov, 16 – Muhammadkarim Toirov, 26. Farhod Bekmuratov, 44. Farhod Sohibjonov, 55. Shaxrom Samiyev, 75. Islom Mamatkazin, 90+3.
Chetlatishlar: Yegor Krimes – Shaxrom Samiyev (ikkalasi oʻyindan keyin).
“Andijon” matbuot xizmati.

Sharhlar (1)

  1. Ibrohimjon

    Яхши уйин булди

Izoh qoldiring

 
Biz bilan aloqa

Assalomu alaykum, Sizning mamnunligingiz bizning ustuvor vazifamiz, biz sizning savollaringizga javob berishga tayyormiz...