Bektemir Abdumannonov: “Kubokda ham, Superligada ham faqat gʻalaba uchun kurashamiz”

Chempionatni muvaffaqiyatli boshlagan “Andijon” endi Oʻzbekiston Kubogida ham yurishini boshlaydi. Albatta hozir emas. Ammo Kubok bahslari uchun qurʼa tashlash marosimi boʻlib oʻtdi va tabiiyki, guruhlar barchani qiziqtirmoqda. “Andijon” esa “N” guruhida “Dinamo”, “Nasaf” hamda “Navbahor” bilan joylashdi. “Burgutlar” safida oʻzini koʻrsatayotgan futbolchilardan biri Bektemir Abdumannonov esa “Andijon” matbuot xizmatiga qurʼa haqida intervyu berdi.

-Bektemir, Oʻzbekiston Kubogi guruh bosqichiga qurʼa tashlandi. “Andijon” joy olgan guruh haqida fikringiz qanday?

-Kubok bosqichida ham yaxshi natijalar koʻrsatib, guruhdan chiqishni niyat qilyapmiz. Guruhimizda yaxshi jamoalar bor. Bu esa bizga yanada yaxshi tajriba boʻladi, deb oʻylayman. Guruhimizdagi ikkita oʻyinni oʻz maydonimizda oʻtkazamiz. Xudo xohlasa, muxlislarimizni xursand qilishda davom etamiz.

-Deryali hamma “N” guruhiga “oʻlim guruhi” deya nom berishyapti…

-Hozir hamma klublar oʻziga yarasha yaxshi. Qancha kuchli raqib boʻlsa, shuncha yaxshi. Biz barcha uchrashuvda maydonga faqat gʻalaba uchun tushamiz.

-Bular siz kutgan raqiblarmi yoki…

-Yoʻq, bu jamoalarni kutmagandim.

-“Andijon” chempionatni yaxshi boshladi. Superliga bilan Kubok bahslari orasida siz uchun eng muhimi qaysi?

-Jamoamiz bilan Kubokda ham, Superligada ham gʻalaba uchun kurashamiz. Oʻzbekiston Kubogida maʼsuliyat katta. Yutqazsangiz musobaqani tark etasiz. Kubok uchrashuvlari shunisi bilan ham qiziq.

-30-mart kuni “Nasaf” “Bobur Arena”da oʻynaydi. Boʻlajak uchrashuvga tayyorgarlik qanday va nima kutyapsiz?

-Jamoa bilan mashgʻulotlarga jiddiy kirishganmiz. 23-mart kuni Qirgʻiziston U20 terma jamoasi bilan oʻrtoqlik uchrashuvida maydonga tushamiz. Undan keyin bor eʼtiborni 30-mart kunida boʻladigan oʻyinga qaratamiz. Kayfiyat aʼlo darajada va shunday ruhda oʻyinlarimizni davom ettiramiz.
“Andijon” matbuot xizmati.

Sharhlar (1)

  1. Ойбек

    Худо Хохласа Андижон бу йил Албатта Яхши Натижаларни кулга киритади Андижон Олга

Izoh qoldiring

 
Biz bilan aloqa

Assalomu alaykum, Sizning mamnunligingiz bizning ustuvor vazifamiz, biz sizning savollaringizga javob berishga tayyormiz...