Muhim oʻyin oldidan muvaffaqiyatli “repetitsiya”

Oldindan reja qilinganidek, 23-mart sanasida “Andijon” “Bobur Arena”da Qirgʻiziston U20 terma jamoasiga qarshi xalqaro oʻrtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi. Superligamizda navbatdagi tur 28-martdan boshlanadi va “Burgutlar” 30-mart kuni oʻz maydonida “Nasaf”ni qabul qiladi. Bor eʼtibor mazkur uchrashuvga qaratilgani sababli andijonliklar boʻlajak jiddiy bellashuv oldidan repetitsiya oʻtkazib oldidar.

Bu oʻrtoqlik oʻyini boʻlishiga qaramay, tomoshabop ruhda oʻtdi. Stadionda qariyb 2000 mingdan ziyod muxlis toʻplandi va “Andijon”ni qoʻllab turdilar. Bu xuddi chempionatdagi rasmiy oʻyinga oʻxshab ketdi. Uchrashuvni faol oʻtkazgan Farhod Sohibjonov 4-daqiqadayoq hisobni ochishga erishdi. Shundan keyin ham mezbonlarning xavfli hujumlari toʻxtamadi. Bir vaziyatda Rustam Turdimurodovning xavfli zarbasini darvozabon qaytargan boʻlsa, yana bir holatda Sohibjonovning tepgan toʻpi ustunga tegib qoldi. Shuningdek, tinib-tinchimas Bektemir Abdumannonov ikkinchi golni kiritgandi. Biroq u hakamlar tomonidan ofsaydda deb topildi.

Ikkinchi boʻlim boshlanishida ham “Andijon” yana gol urdi. Zaxiradan maydonga tushirilgan Armin Boshnyak Demir Imerining aniq pasidan soʻng 50-daqiqada raqib darvozasini ishgʻol qildi. Bahs oxirlarida uchinchi gol ham urildi. Qishda jarohat olib davolangan va yana safga qaytgan iqtidorli himoyachi Abdurahmon Komilov zaxiradan maydonga tushdi va qaytishini ajoyib goli bilan nishonladi. U jarima maydoni ichida toʻpni oʻziga qulay tarzda toʻgʻriladi va boshi bilan darvoza toʻrini nishonga oldi – 3:0. Oʻyindan keyin muxlislar har ikkala jamoani olqishladi. Darvoqe, uchrashuvni koʻngilochar “Bravo” jamoasi aʼzosi, Otabek Mirzaxolov ham stadionda kuzatib bordi.

Maʼlumki, Qirgʻiziston U20 terma jamoasi 20-mart kuni Fargʻonada “Neftchi”ga qarshi oʻrtoqlik uchrashuvida ham maydonga tushgandi va oʻshanda ular 2:3 hisobida gʻalaba qozongandi. Bu safar qirgʻizistonliklar “Andijon”ga yirik hisobda imkoniyatni boy berdi. Shu tariqa, Qirgʻiziston U20 terma jamoasining Andijonda tashkil qilgan oʻquv-mashgʻulot yigʻini yakunlandi.

Aleksandr Xomyakov shogirdlari esa 30-mart kuni “Nasaf”ga qarshi boʻladigan muhim uchrashuvga jiddiy tayyorlanmoqda. Yuqorida toʻxtalganimizdek, Qirgʻiziston U20 termasiga qarshi uchrashuv “Andijon” uchun yaxshi repetitsiya vazifasini bajardi. Murabbiyning koʻrsatmalarini maydonda bajargan holda javobsiz 3 ta gol urdilar. Bu esa Superligadagi boʻlajak oʻyin oldidan futbolchilarga qoʻshimcha kuch va shijoat bagʻishlaydi. Barcha muxlislarni 30-mart kuni “Bobur Arena”da soat 19:00 da boshlanadigan markaziy bellashuvga taklif qilib qolamiz.

“Andijon” – Qirgʻiziston U20 – 3:0 (1:0).
23-mart. Andijon. “Bobur Arena” stadioni.
Hakamlar:
Temur Toʻxtasinov, Ziyodullo Abdurahmonov, Jamshid Bakirov.
Nazoratchi: Tohir Nizomov.
“Andijon”: Igor Litovka, Marlen Chobanov, Ildar Mamatkazin, Ilhom Alijonov, Sardor Azimov, Muhammadkarim Toirov, Ilhom Abdugʻaniyev, Demir Imeri, Bektemir Abdumannonov, Farhod Sohibjonov, Rustam Turdimurodov.
Zaxiradan maydonga tushganlar: Shahboz Erkinov, Mohir Komilov, Vladimir Bubanya, Islom Mamatkazin, Abduvohid Gʻulomov, Abdurahmon Komilov, Armin Boshnyak, Suhrob Berdiyev, Sunnat Abdullajonov, Luka Zgurskiy, Farhod Bekmuratov.
Qirgʻiziston U20: Aziret Usmanaliyev, Adilet Doolotkeldiyev, Daniyel Razulov, Sardor Nematov, Atay Eshankulov, Farux Kasimov, Milan uulu Xamza, Rauf Asinov, Kayrat Abdirasulov, Uruskeldi Madanov, Kubanchbek uulu Manas.
Gollar: Farhod Sohibjonov, 4 – 1:0. Armin Boshnyak, 50 – 2:0. Abdurahmon Komilov, 88 – 3:0.
“Andijon” matbuot xizmati.

Izoh qoldiring

 
Biz bilan aloqa

Assalomu alaykum, Sizning mamnunligingiz bizning ustuvor vazifamiz, biz sizning savollaringizga javob berishga tayyormiz...