Aleksandr Xomyakov: “Uchrashuvdan qoniqdim, desam boʻlaveradi”

“Andijon” – Qirgʻiziston U20 (3:0) jamoalari ishtirokidagi uchrashuvdan keyin “Burutglar” bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov klub matbuot xizmatiga intervyu berdi.

-Aleksandr Andreyevich, avvalo, uchrashuv haqida fikringiz qanday?

-Oʻylaymanki, yomon oʻyin boʻlmadi. Raqibimizga shu yerga kelib biz bilan oʻrtoqlik uchrashuvida qatnashgani uchun rahmat. Yaʼni, Qirgʻiziston U20 terma jamoasi rozi boʻlib, biz bilan oʻynaganiga xursandmiz. Qiziqarli bellashuv boʻldi. Bir qator vaziyatlar yaratdik. Ulardan unumli foydalanishga harakat qildik. Tayyorgarlik uchun juda yaxshi oʻyin boʻldi, deb oʻylayman.

-Oʻyindan va natijadan koʻnglingiz toʻldi, shundaymi?

-Umumiy maʼnoda yaxshi deyishim mumkin. Futbolchilarimizga rahmat aytaman. Nazorat oʻyinida qanday talabni qoʻygan boʻlsam, ular barchasini bajarishdi. Shu sababli uchrashuvdan qoniqdim, desam boʻlaveradi.

-Keyingi turda “Andijon”ni “Nasaf”ga qarshi jiddiy oʻyin kutyapti. Muxlislar ham ushbu bahsni orziqib kutishmoqda…

-Bu oʻyinda bizda qanday masʼuliyat borligini tushunib turibmiz. Yaxshi tayyorgarlik koʻryapmiz. Bu oddiy oʻyin emas. Uchrashuvgacha yana bir necha kun bor. Qilishimiz kerak boʻlgan ishlarni bajarib olamiz. Ishqibozlarimizni xursand qilish uchun bor imkoniyatlarimizni ishga solamiz.

-Oʻzbekiston Kubogiga qurʼa tashlandi. Barcha “Andijon” joy olgan guruhni “oʻlim guruhi” deb hisoblamoqdalar. Shunday raqiblarni kutganmidingiz? Fikringiz qanday?

-Yoʻq, men bunchalik darajadagi guruhga tushamiz, deb oʻylamagandim. Rosti, bizga qaysi klublar tushishini taxmin ham qilmagandim. Kubok bahslarida raqiblarimizga qarshi kuchli oʻyinlar boʻladi. Futbolda aytilganidek, kuchlilar gʻalaba qozonadi.
“Andijon” matbuot xizmati.

Izoh qoldiring

 
Biz bilan aloqa

Assalomu alaykum, Sizning mamnunligingiz bizning ustuvor vazifamiz, biz sizning savollaringizga javob berishga tayyormiz...