Aleksandr Xomyakov: “Oʻyindan qoniqdim”

“Andijon” – “Nasaf” (1:1) oʻyinidan keyingi matbuot anjumanining ikkinchi qismida “Burgutlar” bosh murabbiyi Aleksandr Xomyakov qatnashdi.

  • Aytishim mumkinki, juda qiziqarli oʻyin boʻldi. Xissiyotlar, xavfli vaziyatlar oʻyinni yanada qiziqarli boʻlishini taʼminladi. Yetarlicha qarshilik koʻrsatdik, oʻzbek futbolining bayroqdor jamoasiga qarshi hujumkor oʻyin namoyish qildik. Koʻrinib turibdiki, ular tajribali. Umumiy maʼnoda aytganda, oʻyindan qoniqdim. Gʻalabaga ishtiyoqimiz kuchli edi. Ammo biz oʻylagan ishlarni barchasi ham oʻxshamadi. Yigitlarga oʻyinni munosib oʻtkazishgani uchun rahmat aytaman. Birinchi taymni durang bilan tugatdik. Ikkinchi boʻlimda esa oʻyinni oʻz qoʻlimizga olishga harakat qildik. Biz oldindan qanday oʻyin koʻrsatishni rejalashtirib olgandik. Dastlabki 15 daqiqada raqibga imkon bermaslikka harakat qildik. Koʻrdinglar, birinchi qarshi hujumda darvozamizdan toʻp oʻtkazib yubordik. Futbolchilar xarakter koʻrsatishdi va maydonida “yonib” oʻynadilar. Shu bois ularga yana bir bor minnatdorchilik bildiraman.
  • Gʻalabaga nima yetishmadi?
  • Mahorat yetishmadi. Hammamizga yaxshi maʼlumki, “Nasaf” tajribali jamoa hisoblanadi. Koʻrdingizki, ularning tarkibi ancha shakllangan. Jismonan kuchli futbolchilardan iborat. Shu bois aqli oʻyin koʻrsatishdi. Birinchi taymda ham ularning tajribasi bilindi. Birinchi boʻlim oʻrtalarida esa qulay imkoniyatlardan foydalana olmadik. Raqib qarshi hujumlarda yaxshi harakat qildi, tezkor oʻyinchilariga ega. Xudoga shukurki, bir qancha vaziyatlarda yaxshi harakat qildik va darvozabonimiz ham bizni qutqarib qoldi. Natijadan qoniqdim.
  • Luka Zgurskiyning holati qanday? U jarohat olgandek tuyuldi…
  • U qarshi hujumlarda katta hajmdagi ishni bajardi. Unda imkoniyatlar boʻldi. Uch himoyachi oʻrtasida ham yorib chiqishga harakat qildi. Yosh futbolchi boʻlgani uchun balki imkoniyatlardan toʻgʻri foydalana olmagandir. Hozir uning holatini koʻrib chiqamiz. Bir necha kundan soʻng bizni poytaxtda navbatdagi oʻyin kutib turibdi. Umid qilamanki, Lukada jiddiy jarohat yoʻq.
  • 75-daqiqadan keyin oʻyinchilar charchagandek koʻrindi…
  • Albatta, charchab qoldik. Qarang, biz qanday futbol namoyish etyapmiz. Doimo bogʻlovchi hujumkor futbol koʻrsatyapmiz. Toʻpni oʻz nazoratimizga olib, tezkor qarshi hujumlarga oʻtadigan oʻyin namoyish qilyapmiz. Ikkinchi boʻlimda ancha tajribali futbolchilarni tushirganimizdan keyin oʻyin surati biz tomonga oʻta boshladi. Tikkalanish biroz qiyin kechyapti. Shuning evaziga baʼzida kuch yetmay qolyapti. Jamoa yangi shakllangan va yosh.
  • Samiyev “Lokomotiv” bilan oʻyinda maydonga tushadimi?
  • Ha, 5-6 kun vaqt bor. Uni oʻyinga tayyorlaymiz. Albatta, yosh hujumchini tushirishga majbur boʻldik. U oʻyin oxirida gʻalaba golini urishi mumkin edi. Oʻsha vaziyatda unga tajriba yetishmadi hamda yaxshi vaziyatdan foydalana olmadi. Katta oʻyinlarda mahorati kamligi bilinib qoldi. Oʻylaymanki, yosh oʻyinchilarimiz tez orada oʻzlarini koʻrsatishni boshlaydilar. Ularga katta futbolda yana ozgina vaqt kerak.
  • “Andijon” Oʻzbekiston Kubogi guruh bosqichida qiyin raqiblarga duch keldi. Shu haqida fikringiz?
  • Bu biz uchun yaxshi. Bu kabi guruhdan keyingi bosqichga chiqish biz uchun yoqimli boʻladi. Boshqa tomondan esa bu bizga yana qoʻshimcha tajriba boʻladi. Bor kuchimizni maksimal darajada sarflashga va uzoqroqqa borishga harakat qilamiz.
    “Andijon” matbuot xizmati.

Sharhlar (3)

  1. 8 raqamdagi farxodni urniga 31 raqamdagi imerini tashlab kursa yaxshi bulardi

  2. Almashinuvlarni 70 daqiqada qilish kerak edi ozgina kech almashinuv buldi

Izoh qoldiring

 
Biz bilan aloqa

Assalomu alaykum, Sizning mamnunligingiz bizning ustuvor vazifamiz, biz sizning savollaringizga javob berishga tayyormiz...