Betakror muhit va kutilgan superoʻyin

30-mart oqshomida Andijondagi “Bobur Arena” stadionida boʻlib oʻtgan “Andijon” – “Nasaf” toʻqnashuvi kutilganidek superjangga aylanib ketdi. Avvalo, stadionda atmosferaga respekt!

Butun Oʻzbekiston ushbu oʻyindan katta zavq oldi, desak aslo mubolagʻa qilmagan boʻlamiz. Oʻyindagi muhit, stadionda muxlislarning katta armiyasi tomonidan yaratilgan oʻzgacha vaziyat hammasi shunchaki super edi. Uchrashuvdan keyin “Nasaf” bosh murabbiyi Roʻziqul Berdiyev matbuot anjumanida buni alohida taʼkidlab oʻtdi. “Andijon” fan-klubi doimgidek barchani hayratda qoldirishda va muxlislik madaniyati hamda qanday qoʻllab-quvvatlashligi boʻyicha yangi sifat darajasini namoyish etmoqda. Bu kabi fantastik muhitda har qanday jamoaning oʻynagisi keladi.

Uchrashuvga toʻxtaladigan boʻlsak, aynan “Bobur Arena”dagi atmosfera ogʻushida ikkala jamoa maza qilib futbol oʻynadi. Oʻyinchilardagi ishtiyoq va shijoat ham maydonda sezilib turdi. Oʻyin tempi shunga yarasha yuqori edi. “Andijon” uchrashuvni faol boshlaganiga qaramay, hisobni ochish mehmonlarga nasib qildi. Qanotdan uyushtirilgan hujumni Zoran Marushich gol bilan yakunladi. Bu esa “Nasaf” vakillariga qoʻshimcha kuch bagʻishladi va yana Igor Litovka darvozasi oldida xavfli vaziyatlar yaratdilar. Biroq 33-daqiqaga kelib “Andijon” himoyachisi Islom Mamatkazin katta sahnaga chiqdi. U jarima zarbasidan uzatilgan toʻpni boshi bilan darvozaga joylab, “Bobur Arena”ni larzaga keltirdi.

Birinchi boʻlimda ham, ikkinchi boʻlimda ham jamoalarda golli imkoniyatlar boʻldi. Masalan, Litovka ayrim vaziyatlarda jamoasini gollardan saqlab qoldi. Shuningdek, “Andijon” oʻzining tezkor reydlari orqali xavfli zarbalarni yoʻllab golga juda yaqin keldi. Ayniqsa, bahs oxirida “Burgutlar” gʻalabani ilib ketishlariga oz qolgandi. Levan Arveladzening jarima maydoni ichida Rustam Turdimurodovni qulay vaziyatga chiqargani fonida “Nasaf” darvozasi oldida navbatdagi oʻta xavfli holat yuzaga kelgandi. Ammo himoyachilar katta qiyinchilik bilan darvozasi oldidan toʻpni uzoqlashtirdilar. “Burgutlar”ning har bir aʼzosi maydonda koʻzi “yonib” oʻynadi va borini berdi. Buning uchun tasanno!

Oʻyinda jamoalarning kuchi teng keldi va jangovar durang qayd etildi. Bunday oʻyin orqali Superliga mavqei ancha oshib borayotgani yana bir bor oʻz isbotini topdi. Chetdan qaraganda bu uchrashuv Yevropaning qaysi shahrida boʻlib oʻtdi, deb oʻylaydiganlar boʻlishi tabiiy. Lekin Oʻzbekistonda, xususan Andijonda uning muxlislari hamda jamoasi yangi darajaga koʻtarilib borayotganini endi hech kim inkor qila olmaydi.

“Andijon” – “Nasaf” – 1:1 (1:1).
30-mart. Andijon. “Bobur Arena” stadioni. 14861 tomoshabin.
Hakamlar:
Rahim Karimov, Timur Gaynulin, Andrey Sapenko.
Zaxira hakami: Sardor Ismatullayev.
VAR: Ibrohim Ismoilov
AVAR: Shoxruh Aʼzamov
Nazoratchi: Timur Galeyev
Komissar: Shoxruh Said
“Andijon”: Igor Litovka, Abduvohid Gʻulomov, Vladimir Bubanya, Islom Mamatkazin, Sardor Azimov, Farhod Bekmuratov (Ilhom Abdugʻaniyev, 76), Muhammadkarim Toirov, Sherzod Esanov (Levan Arveladze, 61), Bektemir Abdumannonov (Demir Imeri, 61), Farhod Sohibjonov (Armin Boshnyak, 76), Luka Zgurskiy (Rustam Turdimurodov, 86).
“Nasaf”: Abduvohid Neʼmatov, Alibek Davronov, Igor Golban, Gʻolib Gʻaybullayev (Javohir Sidiqov, 87), Sherzod Nasrullayev, Akmal Mozgovoy, Sharof Muhitdinov (Marko Stanoyevich, 71), Oybek Bozorov (Jambuli Jigauri, 71), Viktor Da Silva Matos (Zafarmurod Abdirahmatov, 46), Islom Kenjaboyev (Bobir Abdixoliqov, 46), Zoran Marushich.
Gollar: Zoran Marushich, 10 – 0:1. Islom Mamatkazin, 33 – 1:1.
Ogohlantirishlar: Akmal Mozgovoy, 15. Alibek Davronov, 40. Roʻziqul Berdiyev, 42.
“Andijon” matbuot xizmati.

Izoh qoldiring

 
Biz bilan aloqa

Assalomu alaykum, Sizning mamnunligingiz bizning ustuvor vazifamiz, biz sizning savollaringizga javob berishga tayyormiz...