Albaniyalik murabbiy: “Xebay Oʻzbekistondagi oʻyinlari orqali Albaniya terma jamoasiga munosib ekanligini isbotladi”

Jamoamiz hujumchisi haqida sobiq ustozi bilan muloqot

Rubin Xebay – shubhasiz Superliga yulduziga aylana oldi. Uning uchun 2023-yilgi mavsum yorqin lahzalarga boy oʻtdi. Eng yaxshi transferlardan biri sifatida oʻzini mutlaqo oqladi. Superliganing eng yaxshi futbolchisi nafaqat Oʻzbekistonda, balki ona yurti – Albaniyada ham trendga aylandi. Uning nomi bizdagi kabi u yerda ham juda koʻp tilga olinyapti. Qanday saviyadagi hujumchiligini isbotlagan futbolchi haqida Albaniyada nima deyishayotgani rosti biz uchun juda qiziq va muhim edi.

Futbolchimizning eng yaxshi oʻyinchiga aylangani haqida butun Alban matbuoti bong urmoqda. Bu esa u yerda hujumchimizga eʼtibor hamda qiziqishni yanada oshirishi mubolagʻasiz. Xoʻsh, Xebayning Albaniya terma jamoasiga jalb etilish imkoniyati qanday? Boz ustiga bu yil terma jamoa Yevropa chempionatida qatnashadi. “Andijon” matbuot xizmati ushbu masalaga jiddiy kirishgan holda Rubin Xebayni yaxshiroq biladigan alban mutaxassisini izlab topdi.

Xebay “Andijon” klubiga kelguniga qadar Albaniyaning “Teuta” jamoasida toʻp surgan. Mazkur klubda unga bosh murabbiylik qilgan Renato Arapi bilan bogʻlandik. U oʻz vaqtida Albaniya terma jamoasida faoliyat olib borgan va “Teuta” bilan sovrinlarni yutgan.
Xebay bilan “Teuta”dagi faoliyati haqida
“Ha, Oʻzbekistonga ketganidan beri men uni uzoqdan boʻlsa ham kuzatib boraman, – deya gap boshladi, Arapi. – U bilan futbolchilik davrimdayoq “Teuta”da birga oʻynaganmiz. Men bilan jamoadosh edi, bir mavsumda 2 ta sovrin yutishga erishgandik. Rubin kelganidan keyin nafaqat men, barcha jamoadoshlarim bilan uning yuqori isteʼdod egasi ekanligini sezganmiz. Muvaffaqiyatli oʻyinlardan soʻng jamoasini almashtirdi va men murabbiy boʻlib ishlashni boshlaganimda yana tarkibimizga qoʻshildi. Murabbiy boʻlganimdan soʻng klub prezidentidan Xebayni olib kelishni soʻragandim. Chunki 2 ta hujumchi bilan yaxshiroq natijalarga erisha olishimizga ishongandim. U nafaqat futbolchi, balki inson sifatida ham juda ajoyib. U kirishimli yigit va jamoada ichki muhitni bir maromda ushlashda katta foydasi tekkan”.
Rubinni Albaniya terma jamoasiga chaqirilishi tarafdori
“Albatta, mediada Rubin Xebay haqida koʻp gapirishadi va u bularning barchasiga munosib. Unda bor xususiyatlardan kelib chiqib, albatta milliy terma jamoada boʻlishi kerak, deb hisoblayman. Buni bir necha marta Oʻzbekistondagi oʻyinlari bilan isbotlay oldi. Aminmanki, milliy jamoa murabbiylar shtabi uni va boshqa barcha albaniyalik futbolchilarni kuzatib borishmoqda. Chunki hozirda milliy terma jamoamizda mening fikrimcha, hozirgacha boʻlgan davrlardagi eng kuchli mutaxassislar jamoasi ishlamoqda”.
Milliy termaning ilk bor Yevropa chempionatiga yoʻl olgani va raqobat toʻgʻrisida
“Albatta, butun alban xalqi ushbu muvaffaqiyatdan juda xursandmiz. Tarixda birinchi marta saralash guruhimizni birinchi oʻrinda yakunladik. Milliy jamoadagi hujumchilar yetishmovchiligini inobatga olgan holda Xebay jamoaga jalb etilishi kerak, deb hisoblayman. Murabbiy sifatida uning foydasiga ishlamaydigan bir jihatni aytib oʻtgan boʻlardim. Milliy jamoamizdagi uslubga koʻra bizga tezkor hujumchi kerak boʻladi. Chunki juda kuchli raqiblarga qarshi bahs olib boramiz. Himoyada yaxshi blokni hosil qilib, tezkor hujumlarga oʻtishimiz kerak. Boshqa tarafdan u uchun terma jamoada juda katta raqobat mavjud. Negaki, hujumchi rolida unga “Chelsi” futbolchisi Armando Broya raqobatchilik qiladi”.
Futbolchimizning gollari hamda imkoniyati xususida
“Ha, uning koʻplab gollarini koʻrdim. Imkoniyatlarini bilgan holda aytishim kerakki, Xebay ushbu mavsumda haftadan-haftaga yaxshigina oʻsishga erishdi va kelajakda ham shu tahlid davom etadi. Tez orada uni milliy terma jamoada koʻrishga umid bogʻlayman. Chunki Rubin bunga munosib. Ochigʻi, Xebay 13-titulini qoʻlga kiritishi haqida eshitganimda juda xursand boʻldim. Men ham milliy terma jamoaning bir qismi boʻlganman. Futbolchilik faoliyatimni yakunlagach, “Teuta”da murabbiylikni boshladim. Saudiya Arabistonida ham yordamchi murabbiy sifatida ishladim”, – deya soʻzini yakunladi, alban mutaxassisi.

Izoh qoldiring

 
Biz bilan aloqa

Assalomu alaykum, Sizning mamnunligingiz bizning ustuvor vazifamiz, biz sizning savollaringizga javob berishga tayyormiz...